Rossiya Suriyadan “quvilmoqda”
Tahlil
−
24 yanvar 8488 10 daqiqa
Bundan bir necha yillar oldin hokimiyatdan qulashi muqarrar bo‘lgan Bashar Asad iqtidordagi umrini uzaytirish va boshqa yana ko‘plab shaxsiy sabablarga ko‘ra, Suriyaning milliy manfaatlarini Rossiya va Eronga tortiq qilgandi. Eron Shomni o‘zi uchun o‘ziga xos harbiy maydonga aylantirgan bo‘lsa, Rossiya 2015 yilda Asadning so‘roviga javoban Suriyadagi mojaroga aralashib, uni hokimiyatda olib qolgani evaziga O‘rtayer dengizidagi Tartus portining ijarasini 49 yilga uzaytirishga erishgandi. Ammo 1 yarim oy oldin Suriyada yuz bergan davlat to‘ntarishi bugun Rossiya uchun o‘yin qoidalarini o‘zgartirdi. Rossiya Suriyadagi “ko‘chini yig‘ishtirishni” katta ehtimol bilan bu yerdagi eng muhim strategik ob’ekti hisoblangan Tartus portidan boshlashi oydinlashdi. Jo‘loniy boshchiligidagi bugungi Suriya chinakam mustaqil va tashqi ta’sirlardan holi davlat qurish, xususan, o‘zga davlatlarning harbiy va shunday maqsadlar uchun xizmat qiladigan bazalarini faoliyatini to‘xtatish yoki ularni mamlakat hududidan chiqarib yuborish yo‘lidan yurishni boshlagandek go‘yo. Quyida Tartus o‘zi qanchalik ahamiyatga ega portligi, u yerda Rossiyaning qanday manfaatlari mavjudligi, yangi hukumat bu qarorni qabul qilishida qaysi omillar rol o‘ynagan bo‘lishi mumkinligi va boshqalar xususida atroflicha to‘xtalamiz.
Biroz ikkilanilgan qaror
O‘tgan yilning oxirida, aniqrog‘i 8 dekabr kuni Suriyada yuz bergan tarixiy-siyosiy voqeliklardan so‘ng bu ishlarning ijrochisi bo‘lgan Jo‘loniyga beriladigan qator muhim savollar bor edi. Ulardan biri qochqin Asadning “xavfsizlik yostiqchasi” bo‘lgan Rossiyaning Hmeymim harbiy bazasi va siyosiy, iqtisodiy hamda harbiy maqsadlar yo‘lida xizmat qiluvchi Tartus portining kelajagi qanday bo‘lishi to‘g‘risida edi. Jo‘loniy esa Rossiya Suriya uchun juda muhim strategik hamkor ekanini ta’kidladi. Damashqdagi yangi o‘tish hukumati va Rossiyaning bu yerdagi siyosiy va harbiy ishtiroki taqdiri ikki o‘rtadagi muzokaralar yo‘li bilan aniqlashtirilishi aytildi. Bir qarashda Kreml uchun bu borada hali imkoniyat bor va hammasi yaxshidek edi. Hatto 2024 yilning 12 dekabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov Suriyaga yangi hukumat kelganidan keyin ham Rossiya o‘z harbiy bazalarini saqlab qolishiga umid bildirishini aytgandi.
Ammo 21 yanvar kuni Suriyaning yangi hukumati Rossiyaga O‘rtayer dengizidagi uzoq muddatli harbiy ishtirokini ta’minlovchi shartnomani bekor qildi. Tartus viloyati Bojxona boshqarmasi rahbari Riyod Judi Rossiya kompaniyasi bilan Tartus portiga investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuv bekor qilingani va port faoliyatidan tushgan barcha daromadlar endi Suriya davlatining manfaatlari yo‘lida ishlatilishini ma’lum qildi. 2017 yilda Asad rejimi va Rossiya kompaniyasi o‘rtasida imzolangan kelishuvga ko‘ra, Rossiya dengiz flotining Tartus portidagi ijara muddati 49 yilga uzaytirilgandi. Rossiya bu shartnomaga binoan, Tartusdan tushadigan foydaning 65 foizini olardi. Ammo endilikda bu shartnoma o‘zining sakkizinchi yilidayoq Suriyadagi yangi ma’muriyat tomonidan bekor qilindi. Ba’zi manbalar hozirgi rahbariyat Kremldan o‘z kuchlarini zudlik bilan Tartusdan olib chiqib ketishini talab qilganini ham aytmoqda. Ma’lum qilinishicha, Asad rejimi Rossiyaning “Stroytransgaz” kompaniyasi bilan imzolagan investitsiya shartnomasi portni boshqarish va Rossiya tomonidan 500 million dollardan ortiq miqdorda modernizatsiya uchun investitsiya kiritishni nazarda tutgan. Endilikda esa kelishuv shartlariga binoan shu choqqacha modernizatsiya qilinmay qolib ketgan uskunalarni tiklash ishlari qayta boshlanadi. Ammo endi bu ishni qaysi davlat yoki kompaniya o‘z zimmasiga olishi noma’lum.
Qarorda Turkiya “imzosi”ning izi ko‘rinmoqda
Jo‘loniyning Idlibdan qo‘zg‘alishi yakunda Asadning quvilishi bilan tugagandan so‘ng Turkiya Suriyada ancha faollashdi. Mazkur davlat to‘ntarishi loyihasining muallifi sifatida rasmiy Anqara asosiy gumonlanuvchiga aylandi. Umuman olganda, “Hayat Tahrir Ash-Shom” guruhiga Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi aytiladigan boshqa bir muxolif guruh “Suriya ozodlik armiyasi”ning yordam berishi va Asad rejimi qulab ulgurmasidan oldin Erdo‘g‘anning Jo‘loniy boshchiligidagi kuchlarga “omad tilashi” bu borada ortiqcha savollarga o‘rin qoldirmagandi. To‘ntarishdan keyin esa Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan o‘z mamlakati Suriyada nafaqat Rossiyaning, balki umuman hech bir davlatning harbiy bazalari bo‘lmasligi lozim deya ta’kidladi. Anqara Shom diyorida boshqa davlatlarning harbiy ishtirokiga toqat qilmasligini yashirmadi. Biroq Fidan Suriyada xorijiy harbiylarning mavjudligi haqidagi qaror oxir-oqibat Suriya xalqining irodasiga ko‘ra belgilanishi va erishilgan kelishuvlar yoki yechimlar barcha tomonlar tomonidan hurmat qilinishi kerakligini qo‘shimcha qildi. U Rossiya harbiy bo‘linmalarining Suriyaning ichki qismidagi bazalaridan qirg‘oqqa ko‘chirilish jarayoni davom etayotganiga e’tibor qaratib, Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi harbiy ishtirokini oshirayotganiga ham alohida to‘xtalgandi.
“Biz hozirgina Qo‘shma Shtatlarning Suriyada 2000 dan ortiq askarlari borligini bilib oldik, bu avvalroq taxmin qilinganidan ikki baravar ko‘p. Odamlar u yerda 900 nafar amerikalik askar bor deb taxmin qilgandi, ammo Pentagon yaqinda haqiqiy sonni oshkor qildi”, degandi Fidan.
Chunki bungacha Suriyada avval e’lon qilinganidek 900 emas, 2 mingga yaqin amerikalik askar mavjudligi Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder tomonidan ma’lum qilingandi. U 900 nafar askar AQSH qo‘shinining asosi bo‘lib, ular uzoq muddatli amaliyotlar uchun joylashtirilgani, qolganlar esa vaqtinchalik aylanma kuchlar ekanini aytib chiqqandi.
“Bugun men Suriyada 2 mingga yaqin amerikalik askar borligini bildim, ular menga tushuntirganidek, bu qo‘shimcha kuchlar missiya vazifalarini bajarish uchun joylashtirilgan vaqtinchalik aylanma kuchlar hisoblanadi. Amerika qo‘shinlarining asosiy soni 900 kishidan iborat bo‘lib, ular uzoq muddatli joylashtirish uchun mo‘ljallangan”, dedi u.
Albatta, bugungi Suriyaning ichki va tashqi siyosatida Turkiyaning izlari chuqur ekani ko‘rinyapti. Mamlakatning yangi konstitutsiyasi, yangi hukumatni shakllantirish, armiyani qaytadan tashkil qilish kabi ko‘plab sa’y-harakatlar ortida Turkiyaning ishtiroki borligi haqida xabarlar tez-tez quloqqa chalinmoqda. Yangi Suriya esa Turkiya modelida bunyod etilishi tobora oydinlashyapti. Harakatlar va bugungi Suriya hukumatining o‘zini tutishi shunga ishora qilmoqda. Masalan, Jo‘loniy hokimiyat tepasiga kelishi bilanoq, kecha terrorchi deb malakalangan guruh rahbarlari Suriyada ayollar huquqlari, etnik ozchiliklarning manfaatlari, o‘zga din vakillariga hurmat, xususan, yangi yil arafasida Rojdestvo sanasini dam olish kuni deb e’lon qilingani kabi qator qadamlar bunga misoldir. Xulosa qilib aytganda, ayni damda Suriyada kuzatilayotgan ko‘zga ko‘rinadigan o‘zgarishlarning ildizi Anqaraga borib taqalayotgandek.
Putin mag‘lubiyatni tan olmayotgandi. Endi-chi?
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 19 dekabrda har yili o‘tkaziladigan “Pryamaya Liniya” yillik matbuot anjumanida Asad rejimining qulashi Rossiyaning mag‘lubiyati emas, deya ta’kidladi. Putinning aytishicha, Rossiya bu yerga terrorchi guruhlarni yo‘q qilish uchun kirgan va o‘z maqsadiga erishgan ham. Ammo tahlillar shuni ko‘rsatadiki, terrorchilarga qarshi kurashda beg‘araz deb aytilgan “yordam” ortida boshqa yirik maqsadlar bo‘lgan. Gap shundaki, Rossiya 2014 yil Qrim anneksiyasi tufayli sanksiyalar yomg‘iriga duchor bo‘lib, iqtisodiy muammolar girdobida qolganiga qaramay, 2015 yilda Suriyaga katta kuch tashlashi ortida qator arzirli sabablar bor edi. Jumladan, Putin Bashar Asad rejimini himoya qilishi ortida turgan omillardan biri Yevropa va Turkiyaga Rossiya yetkazib beradigan gaz bilan raqobatlashadigan har qanday quvur yo‘nalishini to‘sish maqsadi yotgan. Bu yo‘lda Rossiyaning eng jiddiy raqibi esa Qatar-Turkiya gaz quvuri edi. Rossiyaning Suriyadagi mojaroda ishtirok etishi va Damashqda Kremlga yaqin bo‘lgan diktatorni saqlab qolishi unga Yaqin Sharq va Yevropa o‘rtasida taklif etilayotgan mazkur quvurni to‘sish imkonini berib, bu orqali Ko‘hna qit’aga gaz yetkazib berishda Gazpromning yakka hukmronligini ta’minlash ko‘zda tutilgan. Chunki Asad fuqarolar urushi paytida Qatarni unga qarshi bo‘lgan isyonchilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan va bu paytda Doha va Damashq munosabatlari keskin yomonlashgandi. Shunga asoslanib, Kreml mazkur missiyadan G‘arbning energetika sohasida Rossiyaga qarshi o‘yinlar rejalarini barbod qilishni ko‘zlagan.
Bundan tashqari, Putin o‘z hamkorlarining mavjud rejimini saqlab qolishda dong taratgan. U o‘zi kabi avtokratlarning hokimiyatini suyab turishga “oshufta qalb” egasidir. Bunga yetarlicha misollar bor. Chunki dunyoda Kremlga yaqin biror bir avtoritar rejimning silkinishi Putinni jiddiy xavotirga soladi. U 2011 yilda liviyalik yaqin hamkori Muammar Qaddafiy qulaganda, o‘zidan 7 ming km uzoqda sodir bo‘lgan bu to‘ntarish vaqti kelib Moskvaga ham ma’lum doirada ta’sir o‘tkazishi mumkinligini oldindan sezganligi aytiladi. Shundan so‘ng Rossiyada Nemsov va boshqa bir qator muxoliflar boshchiligida o‘t olgan noroziliklar oqimi uning bu xavotiri o‘rinli ekanini tasdiqlagan ham. Shu bois 2015 yil 30 sentyabrda bir yil oldingi Qrim anneksiyasi keltirib chiqargan shovqin-suron ancha tinishi bilan Putin Rossiya kuchlarini darhol Suriyaga tashladi va anchadan buyon saqlab qolishni maqsad qilib kelgan Asad rejimini himoya qilishni boshladi.
Xo‘sh, bu Putin va uning klani tomonidan Suriya yerlarida ko‘zlagan rejalar to‘plami edi. Ammo bularni amalga oshirish uchun rossiyalik soliq to‘lovchilarning gardaniga qancha yuk tashlanganini hisoblashda 10 dan ortiq xonalik sonlar ham yetmay qolishi mumkin. Bu juda mushkul bo‘lsa-da, hisoblab ko‘rishga harakat qilamiz. Shunday qilib, Rossiya 2015 yil 30 sentyabrdan boshlab Asad iltimosiga binoan Suriyada harbiy intervensiya uyushtirishni boshladi. Shu yilning oktyabr oyi oxiriga kelib esa ushbu amaliyotning xarajatlari to‘g‘risida taxminiy raqamlar yuzaga chiqa boshladi. Ularda keltirilishicha, Rossiya o‘sha paytda har 24 soat ichida Suriyadagi harbiy amaliyot uchun naqd 4 million dollar sarflayotgandi. Havo hujumlari, ta’minot, infratuzilma va quruqlikdagi xodimlar, ularni rag‘batlantirish va boshqa barcha xarajatlar kuniga 4 million dollarga tushayotgandi. Masalan, IHS (Information Handling Service) ma’lumotlariga ko‘ra, har bir jangovar samolyotning parvozi soatiga 12 000 dollar, har bir vertolyot esa soatiga 3 000 dollar xarajat talab qiladi. Bomba portlash tezligi samolyotlarni kuniga o‘rtacha 90 daqiqa osmonda ushlab turishi va uchoqlarning kuniga bir soat uchishiga Moskva har 24 soatda taxminan 710 ming dollar sarflaydi. Shuningdek, ular har kuni taxminan 750 000 dollarlik o‘q-dori ishlatadi. Suriyadagi harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash esa kuniga taxminan 440 000 dollarga tushadi. Kemalarni O‘rtayer dengizida saqlash uchun sutkasiga yana 200 000 dollar kerak bo‘ladi. Logistika, razvedka ma’lumotlarini yig‘ish, aloqa va muhandislik kabi boshqa qo‘shimcha xarajatlar kuniga 250 000 dollarlik sarfni talab qiladi. Kun oxirida shularning barchasini qo‘shib hisoblaganda jami 2,4 million kunlik xarajat kelib chiqadi. Ammo o‘sha paytda, IHS katta tahlilchisi Ben Mures bu raqamlar eng minimal darajadaligi, real xarajatlar esa bundan ikki baravar yuqori bo‘lishi mumkinligini qayd etgan. Chunki 2,4 million dollarlik taxminiy kunlik xarajatlar, Rossiya havo hujumlarining ikkinchi haftasida kuzatilgan keng miqyosdagi bombardimonlar, quruqlikdagi qurollardan foydalanish kabi reydlarning ko‘payishini va 7 oktyabr — Putinning tug‘ilgan kunida boshlangan qanotli raketa hujumlarini hisobga olmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning Kaspiy flotiliyasidan uchirilgan har bir Kaliber raketasi 1,2 million dollarga tushgan. Yakunda shu va boshqalarni qo‘shgan o‘sha yuqorida aytilgan 4 million dollarlik har kungi o‘rtacha sarf-xarajat kelib chiqishi mumkin edi. Shu yo‘sinda Rossiya Suriyadagi mojaroda 2016 yilning so‘nggi kunlariga qadar faol ishtirok etdi. 457 kun. Bu esa agar yuqoridagi kunlik xarajatlar va ularning stabilligi haqiqatga yaqin bo‘lsa, Rossiya Suriyada 1 yarim yil ichida 1,8 milliard dollardan ortiq pulni sarflab yuborgan hisoblanadi. Ammo bu ham faqat 2016 yil so‘ngiga qadar, ya’ni harbiy intervensiyaning eng faol davridagi xarajatdir. Aslida Rossiya Suriyada bundan keyingi yillar mobaynida ham ancha-muncha amaliyotlarni amalga oshirgan.
Yuqorida qayd etilganlar Asadga yordam qo‘lini cho‘zish bahonasida Kremlning Suriyadagi maqsadlari va ular uchun sarflangan pullar edi. Putin o‘shanda Asadni yana 9 yilgagina saqlab qolib, Qatar-Turkiya gaz quvurini o‘yindan chiqarish orqali Gazprom qancha foyda ko‘rgani bu chuqurroq hisob-kitobni talab qiladi. Ammo bugun uning bu yo‘lda sarflagan milliardlab dollarlari endi sariq chaqalik qiymatga ega emas. Ular Jo‘loniy hujumidagi alangada yonib kul bo‘ldi. Biroq Putin Suriyada rejim o‘zgarishiga qaramay, Rossiya o‘z maqsadlariga erishganini ta’kidlashdan charchamaydi. Albatta, 25 yildan buyon deyarli uzluksiz davom etib kelayotgan rahbarligi davomida Rossiya yetakchisi mag‘lubiyatlarga unchalik ham ko‘nikmagan va u muvaffaqiyatsizlikni tan olishga odatlanmagan. Biroq voqeliklar va ulardagi asl haqiqatlarni rad qilib bo‘lmaydi. Raqamlar va bugungi vaziyat shundan dalolat beradi – Putin Suriyada Rossiyani kasodga uchratdi.
Live
Barchasi