Rossiya “Tolibon” bilan harbiy hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzoladi

Olam

image

Rossiya va Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu voqea Moskva viloyatida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro xavfsizlik forumi doirasida yuz bergan. Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu hamda “Tolibon” mudofaa vaziri Muhammad Yoqub (“Tolibon”ning sobiq harbiy komissari va harakat asoschisi Mulla Umarning o‘g‘li) o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng imzolangan shartnoma tafsilotlari oshkor qilinmayapti.

Shoygu bilan uchrashuv chog‘ida Yoqub Moskva va Qobul “ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirganini” ma’lum qilgan. Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari esa o‘z navbatida G‘arbni Afg‘oniston aktivlarini blokdan chiqarishga va mamlakatni qayta tiklashni moliyalashtirishga chaqirgan. “Vajniye istorii” nashrining qayd etishicha, bu kabi kelishuvlar odatda tomonlar o‘rtasida qurol-yarog‘, litsenziyalar, harbiy texnologiyalar almashinuvini va birgalikdagi ishlanmalarni olib borishni nazarda tutadi. Biroq sharqshunos Ruslan Suleymanovning fikricha, ushbu shartnoma ko‘proq “ramziy qadam” bo‘lib, “jiddiy harbiy hamkorlik va “Tolibon”ga [Rossiya] texnologiyalarini topshirish” uchun real asoslar mavjud emas.

“Shimoliy Koreya bilan bo‘lgani kabi qandaydir harbiy ittifoq yoki harbiy koalitsiya aniq tuzilmaydi. Rossiyaning “Tolibon”ga taklif qiladigan deyarli hech vaqosi yo‘q. U asosiy savdo hamkori emas. Bugungi kunda Qobul uchun bosh iqtisodiy sheriklar Xitoy, Eron va Pokiston hisoblanadi. Rossiya tovar ayirboshlash hajmi bo‘yicha kuchli o‘ntalikka kirsa ham katta gap”, deydi u “The Insider” nashriga. 

Suleymanovning fikricha, Rossiya Afg‘onistonga harbiy mutaxassislar yuborishi yoki u yerda “lokal mashg‘ulotlar va yo‘riqnomalar” o‘tkazishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning yozida Moskva “Tolibon”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarib, ularning Moskvadagi elchisini qabul qilgan edi.  


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Tolibon harbiy hamkorlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing