Putin Qozog‘istonda: To‘qayev uni dabdaba bilan kutib oldi (video)
Olam
−
28 may 5319 2 daqiqa
Kecha, 27 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Qozog‘istonga keldi. Bugun, 28 may kuni poytaxt Ostonada Rossiya yetakchisini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Rossiya yetakchisini shaxsan o‘zi kutib olgan. Oliy martabali mehmon sharafiga Mustaqillik saroyi uzra Qozog‘iston Havo mudofaasi kuchlari qiruvchi samolyotlari namoyish parvozini amalga oshirib, osmonda Rossiya bayrog‘i ranglaridagi tutunli iz qoldirgan.


Davlat rahbarlari bir-birlariga delegatsiya a’zolarini tanishtirgan. Faxriy qorovul rotasi boshlig‘ining qutlov raportidan so‘ng ikki davlat milliy madhiyalari yangragan.


Ma’lumot uchun, Putin Qosim-Jomart To‘qayevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Qozog‘istonga kelgan. Muzokaralar davomida davlat rahbarlari Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qiladi.

Bundan tashqari, bugun, 28 may kuni Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo davlatlar rahbarlari ishtirokida Yevroosiyo iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tadi. Ertaga, 29 may kuni Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishi o‘tkaziladi.

Ostonaga safar oldidan respublikaning “Kazaxstanskaya pravda” gazetasida Vladimir Putinning maqolasi chop etildi. Unda Rossiya Prezidenti ikki mamlakatni umumiy tarix, madaniyatlar va insonlar taqdirining uzviy bog‘liqligiga asoslangan haqiqiy mustahkam do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik rishtalari bog‘lab turishini alohida ta’kidlab o‘tgan.