“Rossiya rejasi”. Ilk bor sud qarshisiga chiqqan Saakashvili shisha qafasdan nutq so‘zladi
Olam
−
01 dekabr 2021
8093Vatanida bir necha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili joriy yilning 1 oktyabr kuni hibsga olinganidan keyin ilk bor Tbilisi shahar sudi binosiga olib kelindi. Saakashvili Gori shahridagi harbiy gospitaldan olib ketilgan. Siyosatchi u yerda 50 kun davom etgan ochlikdan keyin tiklanish jarayonida edi.
Prezident — jinoyatchi emas
“Men Mixail Saakashviliman, Gruziyaning jinoyatchi Prezidenti bo‘lmagan. Buni barcha gruzinlar bilishini istayman. Gruziya davlatining asoschisi jinoyatchi bo‘lishi mumkin emas, chunki jinoyatchilar davlatga asos solmaydi, balki uni yo‘q qiladi”, degan sud zalida Gruziyaning uchinchi Prezidenti.
Saakashvili o‘z nutqini oynavand qafasdan o‘qigan va u o‘zi ustidan bo‘lib o‘tgan sudda ilk bor ishtirok etgan. Ayrim Gruziya nashrlari Tbilisi shahar sudidagi sud jarayonini “tarixiy” deb atagan — Gruziya tarixida birinchi marta mamlakatning sobiq Prezidenti sudlanmoqda.
Tbilisi shahar sudi bir necha yillardan beri ko‘rib kelayotgan jinoiy ish o‘n to‘rt yil avvalgi voqealarga bag‘ishlangan. O‘shanda hokimiyat poytaxt markazidagi namoyishni tarqatib yuborgan, xavfsizlik xodimlari “Imedi” xususiy telekompaniyasiga bostirib kirgan.
Bundan tashqari, Saakashvili marhum tadbirkor Badri Patarkatsishvilining (“Imedi” tadbirkorning oilasiga tegishli bo‘lgan va u telekanalni 2012 yilda qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgan) mulkini noqonuniy ravishda musodara qilganlikda gumon qilinmoqda. Saakashvili o‘sha paytda Gruziya Prezidenti bo‘lgan va umuman olganda, prokuratura uni o‘z vakolatlarini oshirib yuborishda ayblamoqda. Agar aybi isbotlansa, u 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Ammo bu sobiq Prezidentga qo‘yilgan bir necha ayblovdan biri xolos.
Saakashvili allaqachon byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish va Gruziya birlashgan banki xodimi Aleksandr Girgvilanini o‘ldirishda aybdor bo‘lgan yuqori martabali politsiyachilarni muddatidan oldin ozod qilishda ayblanib, sirtdan olti yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Saakashvili Gruziya chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlikda ham ayblanmoqda. Bu yangi ayblov bo‘lib, unga 2021 yilning kuzida Gruziyaga qaytib kelganidan va hibsga olinganidan keyin qo‘yilgan. Saakashvilining o‘zi esa sudda so‘zga chiqib, buni eng katta xo‘rlik va “Rossiyaga xos klassik kombinatsiya” deb atagan.
“O‘z yurtimda, o‘zim qurgan yurtimda siz bilan birga yurib, uni yanada rivojlantirishga qodir bo‘lish o‘rniga, shishadan turib siz bilan bog‘lanishga majbur bo‘lganimdan butun dunyo hayratda”, degan u.
Saakashvili prezidentlik davrida erishilgan yutuqlar haqida gapirgan, lekin yo‘l qo‘yilgan xatolarni ham tan olgan.
“Xatolarimiz bo‘lganmi? Keragidan ham ko‘proq. Xatolar shunday ko‘p bo‘ldiki, men juda afsusdaman. Birinchi navbatda, mening xatom shu – sud. Mustaqil sud tizimini tuzmaganimiz ko‘plab vatandoshlarimga ta’sir qildi, endi esa mening o‘zimga. Jabrlanganlarning barchasidan uzr so‘rayman. Buning uchun yana uzr so‘rayman. Lekin xatolar boshqa narsa, jinoyat boshqa narsa”, degan Saakashvili.
Saakashvili o‘ziga qarshi barcha ayblov va hukmlarni siyosiy deb biladi. Hibsga olinganidan so‘ng u darhol 50 kun davom etgan ochlik e’lon qildi.
Sudga yo‘l
2021 yil oktyabr oyida hibsga olinganidan keyin Saakashvili Rustavi shahridagi qamoqxonaga jo‘natilgan, so‘ngra Tbilisidagi qamoqxona shifoxonasiga o‘tkazilgan. Uning advokatlari va tarafdorlari esa bu muassasa uning sog‘lig‘i va xavfsizligi uchun xatarli ekani haqida gapirishadi. Saakashvilining o‘zi ham aldov va kuch bilan qamoqxona shifoxonasiga o‘tkazilganini aytgan.
Inson huquqlari bo‘yicha ombudsman tomonidan tuzilgan bir guruh mutaxassislar Saakashvilini qamoqxona shifoxonasidan ko‘p tarmoqli klinikaga o‘tkazish bo‘yicha tavsiya bergan. 19 noyabr kuni u Gori shahridagi harbiy gospitalga o‘tkazilgan, shundan so‘ng Saakashvili ochlikni to‘xtatgan.
Qamoqdagi sobiq Prezident Tbilisidagi sudga keltiriladimi, degan savol ochiq qolayotgandi. Maxsus jazoni ijro etish xizmati sobiq Prezidentni avvalgi sud majlislariga olib kelishdan bosh tortgan va buni uning sog‘lig‘iga qo‘shimcha xavf tug‘dirishi mumkinligi bilan izohlagandi.
Saakashvilining advokatlari esa shu vaqtgacha u sudda ishtirok etishni xohlashini va qatnashishi mumkinligini aytishgan.
Sobiq Prezidentning bu gal ham majlislar zaliga kirishi sud boshlanishidan biroz oldin ma’lum bo‘lgan. Jazoni ijro etish xizmatining maxsus mashinasi politsiya kuzatuvi hamrohligida Saakashvili joylashgan Gori shahridagi harbiy gospital hududini tark etganida bu masala oydinlashgan.
Tbilisidagi sud binosiga politsiya safarbar etilgan. Bu yerga Saakashvilining tarafdorlari va u asos solgan “Yagona milliy harakat” partiyasi vakillari yig‘ilgan. Vaqti-vaqti bilan vaziyat keskinlashib, namoyishchilar va huquq-tartibot xodimlari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan. Shuningdek, otishma ham kuzatilgan. Namoyishchilar tomonidan transport harakatini to‘sib qo‘yishga urinish bo‘lgan. Gruziya Ichki ishlar vazirligi ma’muriy huquqbuzarlik uchun o‘n besh kishi qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.
“Rossiya rejalari”
Namoyishchilar ham, jurnalistlar ham sud binosiga kira olmagan. Gruziyaning “Birinchi kanal”i guruhi bundan mustasno — ular sud zaliga kiritilgan va jarayonni jonli efirda ko‘rsatish huquqini olgan. Shu vaqt davomida mahkamaga yig‘ilgan namoyishchilar Saakashvilining bir soatdan ortiq davom etgan nutqini dinamik orqali tinglashgan.
Prokurorlar Saakashvilining nutqini to‘xtatmoqchi bo‘lib, u uzoq vaqt davomida ish uchun ahamiyati yo‘q narsa haqida gapirganini, dalillarni tekshirishni boshlash zarurligini ta’kidlagan. Advokatlar ular bilan to‘qnash kelgan. Natijada sudyalar Saakashviliga cheklov qo‘ymay, unga sudda o‘z so‘zini yakunlash imkoniyatini bergan.
Sobiq Prezident rasmiylarga 2019 yil 20 iyundagi miting tarqatib yuborilgani va joriy yilning 5 iyulida Tbilisi markazidagi zo‘ravonliklarni eslatgan. U 2007 yilning kuzida bo‘lib o‘tgan hukumatga qarshi namoyishlarni Rossiyaning rejalari bilan bog‘lagan, biroq o‘sha paytda og‘ir islohotlar va ancha yuqori inflyatsiya tufayli hukumatdan norozilar ko‘p bo‘lganini tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar AQSH Federal qidiruv byurosidan ham xat olgan, unda ular Yerevanda to‘plangan bir guruh o‘g‘rilar Tbilisi markazida tartibsizlik uyushtirishga hozirlanayotgani haqida ogohlantirilgan.
Saakashvili 7 noyabr kuni Tbilisida bo‘lib o‘tgan voqealarni televizor orqali kuzatganini va hech qanday ko‘rsatma bermaganini ham aytgan.
“Ular (huquq-tartibot idoralari xodimlari) o‘z vazifalarini bajardi. O‘sha paytda politsiyamiz juda yosh va juda tajribasiz edi. Bu ko‘plab mamlakatlarda sodir bo‘ladi, ammo bu uchun kimningdir ustidan ish ochilganini eshitmaganman”, degan Saakashvili.
Sobiq Prezident bu voqealardan keyin iste’foga chiqqani, keyin esa saylovda qiyinchilik bilan bo‘lsa ham yana g‘alaba qozonib, ikkinchi mandatni qo‘lga kiritganini aytgan.
“Men buni Rossiya rejalarini barbod qilish va bu mitinglar va chiqishlar tufayli NATO bilan integratsiyalashuvimiz to‘xtab qolmasligi uchun qilgandim”, degan Saakashvili.
Saakashvili sud zalida qatnashganlarning olqishlari ostida o‘z nutqini yakunlagan. U Gruziya erkin, mag‘rur va muvaffaqiyatli bo‘lishini va’da qilib, hozirgi rejimdan qutulish kerakligini ta’kidlagan.
Sobiq Prezident nutqidan so‘ng sog‘lig‘i sababli olib ketilgan. Navbatdagi majlis 23 dekabrga belgilangan.
Saakashvili byudjet mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ayblanayotgan yana bir jinoiy ish shu haftada ochilishi kutilmoqda. Uning advokatlaridan biri Nika Gvaramiyaga ko‘ra, sobiq Prezident uchun bu jarayonda ishtirok etish juda muhim. Advokat bunga hech qanday to‘siq bo‘lmaydi, degan umidda.