Rossiya Parlamenti raisi Sergelidagi bog‘chani borib ko‘rdi
Jamiyat
−
02 Oktabr 2019
5631Avval xabar berganimizdek, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.
Bugun, 2 oktyabr kuni Valentina Matviyenko O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva bilan birga Sergeli tumanidagi “Baxtli bolalik” nomli 44-son maktabgacha ta’lim muassasasiga tashrif buyurdi.
Dastlab mehmonga yaqinda foydalanishga topshirilgan ushbu maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishi haqida qisqacha axborot berildi. Mazkur MTM 510 nafar bolaga, 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 15 ta guruhga mo‘ljallangan. U yerda qariyb 60 nafar pedagogika xodimi va yordamchi xodimlar, shu jumladan tibbiyot xodimlari faoliyat olib borishi mumkin.
Bolalarning ovqatlanishi autsorsing yordamida tashkil etiladi. Maktabgacha ta’lim muassasasining noodatiy loyihasi va dizayni uning o‘ziga xos xususiyatidir. Bu zamonaviy innovatsion bino bo‘lib, keng yorug‘ vestibyulga, qulay joylashgan musiqa zali va kutubxonaga ega. O‘yin o‘ynash va sayr qilish maydonlari hamda hududlari xavfsiz o‘yin uskunalari, tepaliklar, arg‘imchoqlar, sport maydonlari va ochiq hovuzga ega.
Barcha guruhlarda zamonaviy mebel, audio, video apparatura, 3 yoshdan 7 yoshgacha bolalar uchun barcha talablarga javob beradigan bolani rivojlantiradigan o‘yinlar va o‘yinchoqlar mavjud.
Ta’lim olish makoni rivojlantiruvchi markazlar prinsipi bo‘yicha qurilgan. U yerda nutqni rivojlantirish va yozish, bilim olish, ijod qilish, qurish, konstruksiya yasash va matematika bilan shug‘ullanish hamda syujet-rol o‘yinlari o‘ynash mumkin.
LiveBarchasi