Matviyenko Mirziyoyevga Putinning salomini yetkazdi (video)
Jamiyat
−
07 aprel
5144O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 7 aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenkoni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv avvalida davlat rahbari bugun 76 yoshni qarshilagan Valentina Matviyenkoni tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Federatsiya Kengashi Raisi O‘zbekiston yetakchisiga samimiy minnatdorlik bildirib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan.
“Parlamentlararo aloqalar samarali bo‘layotgani yuksak baholandi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazorati bo‘yicha faol hamkorlikni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy sheriklik sur’atini ta’minlash, sanoat kooperatsiyasi loyihalari va gumanitar almashinuv dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Ma’lumot uchun, Valentina Matviyenko Toshkentda o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilmoqda.
LiveBarchasi
Trenddagilar


