Rossiya Ozarbayjon-Armaniston muammosini KXSHT orqali hal qilmoqchi

Olam

image

Armaniston-Ozarbayjon chegarasidagi mojaroni hal qilish uchun Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti kuzatuvchilaridan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda. Bu haqda bugun, 30 sentyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik idoralari va razvedka xizmatlari rahbarlarining razvedka faoliyati bo‘yicha konferensiyasining 18-yig‘ilishida ma’lum qildi. 

“Hozirda Ozarbayjon, Armaniston va Rossiya rahbarlari o‘rtasidagi kelishuvlarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga ko‘maklashish, xususan, Armaniston-Ozarbayjon chegarasini delimitatsiya qilish va umuman olganda, Baku va Yerevan o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish, shu jumladan, tegishli bitim imzolash uchun Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti kuzatuvchilaridan foydalanish imkoniyati muhokama qilinmoqda”, deydi vazir. 

Uning qayd etishicha, bu jarayonda Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi respublikalari tomonidan qo‘llab-quvvatlash ham talabga ega bo‘ladi. 

Rossiya TIV rahbari ta’kidlaganidek, Moskva KXSHT doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga katta ahamiyat beradi.  

“Biz MDHning Ichki ishlar vazirlari kengashi, Terrorga qarshi kurash markazi, Chegara qo‘shinlari qo‘mondonlari kengashi va, albatta, Sizning majlisingiz kabi profilli tuzilmalari faoliyati samaradorligini qayd etamiz. Umumiy tashqi tahdidlarga, jumladan, Afg‘onistondan kelayotgan tahdidlarga samarali javob berish maqsadida biz KXSHT doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga katta ahamiyat beramiz”, deydi Lavrov. 

Unga ko‘ra, KXSHTning yetukligi va yuksak ishonchliligining yorqin dalili uning tinchlikparvar kuchlari joriy yilning yanvar oyida tashqaridan qo‘llab-quvvatlangan ommaviy tartibsizliklardan so‘ng, ichki siyosiy vaziyatni barqarorlashtirishda Qozog‘istonga yordam ko‘rsatish bo‘yicha samarali harakat qilgani bo‘lgan.
 
Shu bilan birga, Lavrov dunyoda tez o‘zgarib borayotgan vaziyat MDH doirasida, jumladan, mintaqaviy va milliy xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida halol, teng huquqli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligini taqozo qilayotganini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston Qorabog' mojarosi KXShT

Baholaganlar

40

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing