Rossiya ortidan Belarus ham amerikalik mahbusni ozod qildi
Olam
−
13 fevral
3158Belarusda AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining sa’y-harakatlari natijasida bir AQSH fuqarosi va yana ikki mahbusning qamoqdan ozod etilishiga erishildi. Bu haqda kecha, 12 fevral kuni CNN telekanalida AQSHning Litvadagi elchisi Kara Makdonald баёнот berdi.
U ozod etilgan amerikalikning ismini aytmadi. Shu bilan birga, diplomat ozod etilgan odamlarni “garovga olinganlar”, ularning ozod qilinishini esa “katta muvaffaqiyat” deb atadi.
O‘z navbatida, AQSH Davlat departamentining Sharqiy Yevropa bo‘yicha mas’ul diplomati Kris Smitning aytishicha, sobiq mahbuslar Litvaga olib ketilgan.
“Biz barcha amerikaliklar ozod qilinmaguncha ishimizni davom ettiramiz”, dedi u.
Ayni paytda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt Vashington “bir amerikalik va yana ikki kishi Belarusdan xavfsiz ozod qilinganini” tasdiqlashi mumkinligini aytdi. U ham ozod qilingan amerikalikning ismini aytmadi.
CNN ma’lumotlariga ko‘ra, bu mahbuslarning ozod etilishi Belarus hukmdori Aleksandr Lukashenkoning 2025 yil yanvarida Belarusda bo‘lib o‘tgan bahsli prezidentlik saylovlaridan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Trampning iltifotiga sazovor bo‘lish istagi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Qayd etish joiz, 11 fevral kuni AQSH fuqarosi Mark Fogel Rossiyada qamoqdan ozod qilindi. U Anglo-Amerika maktabida dars bergan va avvalroq AQSHning Moskvadagi elchixonasi xodimi edi.
2021 yilda Fogel Sheremetevo aeroportida hibsga olingan. Unga giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni kontrabanda va qonunga xilof ravishda olish, saqlash, tashish va ishlab chiqarishda ayblangan. 2022 yilda bu odam giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanib, 14 yilga qattiq rejimli qamoq jazosiga hukm qilingan.
Fogelning ta’kidlashicha, u o‘murtqa jarrohlik amaliyotidan keyin tibbiy sabablarga ko‘ra marixuana ishlatgan.
OAV xabarlariga ko‘ra, Fogel evaziga AQSH rossiyalik mahbus Aleksandr Vinnikni ozod qiladi. U BTC-e kripto almashinuvining hammuallifidir. AQSHda u kabi 4 milliard dollarni yuvganlarga 50 yilgacha qamoq jazosi tayinlanadi.
Vinnik 2017 yilda tovlamachilik, shaxsni o‘g‘irlash va giyohvand moddalar savdosiga yordam berishda ayblanib ,hibsga olingan edi. 2024 yilda u pul yuvish uchun fitna uyushtirganlikda aybini tan oldi. Biroq unga hukm o‘qilmadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil 1 avgustda Turkiya Milliy razvedka tashkiloti vositachiligida 7 ta davlatdan 26 mahbusni almashish bo‘yicha operatsiya o‘tkazilgandi. Almashuvda Rossiya, Belarus, AQSH, Germaniya, Polsha, Sloveniya va Norvegiya vakillari ishtirok etgan. 10 kishi Rossiyaga jo‘natilgan, ulardan ikki nafari bola. Yana 13 kishi Germaniyaga, 3 kishi AQSHga topshirilgan.
LiveBarchasi