Putin sobiq mahbuslarni aeroportda shaxsan kutib oldi (video)

Olam

image

Bugun, 2 avgustga o‘tar kechasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskvaning Vnukovo aeroportida G‘arb davlatlari bilan mahbuslar almashinuvi doirasida vataniga qaytgan rossiyaliklarni shaxsan kutib oldi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

“Interfaks” agentligi xabariga ko‘ra, uchish-qo‘nish yo‘lagida rossiyaliklarni Prezident polkining harbiy xizmatchilari ham kutib olgan. Bundan tashqari, Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov, Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin va Mudofaa vaziri Andrey Belousov Vnukovoga yetib keldi.

Harbiy xizmatga aloqador sobiq mahbuslarga murojaat qilib, Putin ularga “qasamyod va burchlariga sodiqliklari uchun” minnatdorlik bildirdi.

“Hammangiz davlat mukofotlariga nomzod bo‘lasiz, biz sizlar bilan yana uchrashamiz va kelajagingiz haqida gaplashamiz”, degan  Vladimir Putin.

Rossiya Federatsiyasi FXX xabariga ko‘ra, almashinuv natijasida NATOning bir qator davlatlarida qamoqqa olingan sakkiz nafar rossiyalik o‘z vatanlariga qaytarilgan. Anqaradan Vnukovoga yetib kelgan “Rossiya” aviakompaniyasi samolyoti bortida ham voyaga yetmagan bolalar bo‘lgan.

Mahbuslar almashinuvida kim ishtirok etgan?

“Interfaks” agentligi mahbuslar almashinuvi doirasida o‘z vatanlariga qaytgan rossiyaliklarning ismlarini aytib o‘tdi. 

  • 2019 yilda Berlindagi Tiyergarten bog‘ida chechenistonlik sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xanqoshvilini o‘ldirganlikda ayblanib, Germaniyada umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan FXX xodimi Vadim Krasikov;
  • AQSHda kompyuterni buzish va firibgarlikda ayblanib 9 yilga qamalgan Vladislav Klyushin; 
  • Sloveniyada josuslikda ayblanib 1 yil 7 oyga qamalgan Artem va Anna Dulsevlar; 
  • Polshada Rossiya foydasiga josuslikda ayblangan Pavel Rubsov; 
  • Norvegiyada Rossiya foydasiga josuslikda ayblangan Mixail Mikushin; 
  • Qo‘shma Shtatlarda kiberfiribgarlikda ayblanib, 27 yil qamoq jazosiga hukm qilingan Roman Seleznev;
  • AQSHda Rossiya harbiy-sanoat kompleksi uchun texnologiya va Amerika o‘q-dorilarini kontrabanda qilishda ayblangan Vadim Konoshenok.

O‘z navbatida, rus tilidagi ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Rossiya almashinuv paytida G‘arb davlatlariga quyidagi shaxslarni ekstraditsiya qilgan: siyosatchilar Vladimir Kara-Murza va Ilya Yashin, huquq himoyachisi Oleg Orlov, jamoat arbobi Andrey Pivovarov, rassom Sasha Skochilenko, muxolifatchi Aleksey Navalniyning sheriklari Liliya Chanysheva, Kseniya Fadeyeva va Vadim Ostanin, Germaniya fuqarosi Kevin Lik, siyosatshunos Diter Voronin ishiga aloqador shaxs, Rossiya va Germaniya fuqaroligiga ega bo‘lgan jurnalist Ivan Safronov, Germaniya va Rossiya Federatsiyasi fuqarosi German Moyjes, AQSH fuqarolari Pol Uilan, Evan Gershkovich, Alsou Kurmasheva, Rossiya Federatsiyasida marixuana qo‘shilgan chaynalgan marmeladni mamlakatga olib kirgani uchun 7 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Germaniya fuqarosi Patrik Shyobel, Belarus hukumati tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilingan Germaniya fuqarosi Riko Kriger.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq 7 ta davlatdan 26 mahbusni almashish bo‘yicha operatsiyaga Turkiya Milliy razvedka tashkiloti vositachilik qilgani xabar qilingandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin mahbus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing