Rossiya nafaqat Yevropa, balki dunyoning yetakchi terma jamoalaridan biri hisoblanadi – Ravshan Ermatov
Sport
−
24 mart 2023
7956Futbol bo‘yicha Rossiya terma jamoasi nafaqat Yevropada, balki jahonda ham yetakchi jamoa bo‘lib, uning Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (CAFA) chempionatidagi ishtiroki turnirga qiziqishni oshiradi. Ushbu fikrni O‘zbekiston futbol assotsiasiyasi birinchi vitse-prezidenti, CAFA ijroiya qo‘mitasi a’zosi TASS'ga bergan intervyusida Ravshan Ermatov aytib o‘tdi.
U Rossiyaning Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi chempionatida ishtirok etishiga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Birinchidan shuni aytmoqchimanki, CAFA terma jamoalar o‘rtasida birinchi chempionatni o‘tkazishdan juda manfaatdor. Ikkinchidan, tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Rossiyaning “Spartak”, “Zenit”, “Dinamo” kabi top-klublari bor. “Torpedo” Markaziy Osiyoning “Paxtakor”, “Pomir” va boshqa klublari bilan o‘ynardi, bu muxlislarda katta qiziqish uyg‘otardi, stadion muxlislar bilan to‘lardi. CAFA musobaqasi boshqa turnirlarga tayyorgarlik ko‘rish nuqtai nazaridan ham muxlislar, ham jamoalar uchun juda qiziqarli bo‘ladi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan biz turnirni, mashg‘ulotlarni, futbol maydonlarini tashkil etishda eng yuqori standartlarni ta’minlashga kafolat beramiz”, deydi Ermatov.
O‘FA vitse-prezidenti Rossiyaning turnirda qatnashishi musobaqaga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishini ta’kidlab o‘tdi.
“Albatta, agar Rossiya ishtirok etsa, ham muxlislar, ham boshqa jamoalar o‘rtasida turnirga bo‘lgan qiziqish ortadi. Chunki Rossiya nafaqat Yevropa, balki dunyoning yetakchi terma jamoalaridan biri hisoblanadi”, deya qo‘shimcha qildi Ermatov.
Joriy yilning 13 mart kuni Tojikiston futbol federatsiyasi matbuot xizmati Rossiya terma jamoasi 9—21 iyun kunlari Bishkek va Toshkent shaharlarida bo‘lib o‘tadigan CAFA chempionatida ishtirok etishini ma’lum qilgandi. Turnirda Rossiya terma jamoasidan tashqari, Tojikiston, Eron, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Afg‘oniston terma jamoalari qatnashadi. Shuningdek, musobaqaga yana bir Osiyo terma jamoasini taklif etish rejalashtirilgan.