Rossiya muzokaralar haqida salbiy signallar bermoqda – Zelenskiy
Olam
−
27 avgust 2025 6504 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya tomonining uchrashuvlar va kelgusidagi muzokaralar yuzasidan salbiy signallar berayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 27 avgust kuni Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Zelenskiy Rossiya hujumlari oqibatida Ukraina shaharlari va qishloqlarida qurbonlar tinimsiz ko‘payotganini ta’kidlagan. Zelenskiyning fikricha, Moskvaning bu qadamlariga G‘arb davlatlari kuchliroq sanksiyalar bilan javob qaytarishi lozim.
“Bosim zarur, biz bunga umid qilamiz. Haqiqiy diplomatiya tomon qadam tashlash aynan Rossiya zimmasida”, degan Vladimir Zelenskiy.
Ukraina rahbari, shuningdek, Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb bilan telefon orqali suhbatlashgani va undan konstruktiv maslahatlar olganini bildirgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Ukraina, Yevropa, AQSH va “ko‘ngillilar koalitsiyasi” deb ataluvchi guruh birgalikda Kiyev uchun kuchli va ko‘p tomonlama xavfsizlik kafolatlarini tayyorlash ustida ishlamoqda. U yaqin orada davlat rahbarlari ishtirokida alohida formatdagi uchrashuv o‘tkazish va muhim masalalar hamda muddatlarni belgilab olish vaqti kelganini qayd etgan.
Bu orada Yevropa yetakchilari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Zelenskiy bilan rejalashtirilgan uchrashuvni cho‘zib yuborayotgani uchun tanqid qilmoqda. Jumladan, Germaniya kansleri Fridrix Mers kecha, 26 avgust kuni Berlinda Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kreml “vaqtni cho‘zish strategiyasi”dan foydalanayotganini aytdi. Uning fikricha, Putin uchrashuvni oldindan qo‘yilgan shartlarga bog‘lab, muzokara jarayonini ataylab sekinlashtirmoqda, biroq bu talablar na Ukraina, na Yevropa nuqtayi nazaridan maqbul hisoblanadi. Germaniya hukumati rahbari qo‘shimcha qilganidek, agar Moskva o‘z siyosatini o‘zgartirmasa, Yevropa Ittifoqi yangi sanksiyalar paketini tayyorlaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 avgust kuni Vladimir Zelenskiy Kiyevda Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan o‘tkazgan matbuot anjumanida Ukraina Rossiya hududiga faqat o‘zining uzoq masofali qurollari bilan zarba berishi va buning uchun AQSH ruxsati kerak emasligini aytgandi.
Live
Barchasi