Rossiya muhojirlarni shartnoma asosida harbiy xizmatga jalb qiladi
Olam
−
06 aprel 2023
16161Joriy yilning 4 aprel kuni Sankt-Peterburg hokimiyati muhojirlarni shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatga jalb qilishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda gubernator o‘rinbosari Valeriy Pikalyov imzolagan buyruqqa tayanib, “Forpost” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, hokimiyat vakillari 15 aprelga qadar shahardagi diaspora yetakchilari bilan xorijiy fuqarolar orasida shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatni ommalashtirishga jalb qilish uchun uchrashuv o‘tkazishi kerak. Ushbu buyruqni Sank-Peterburg vitse-gubernatorlari Kirill Polyakov, Boris Piotrovskiy, Vladimir Knyaginin va Nikolay Linchenko qabul qilgan.
Hujjatga ko‘ra, muhojirlarni Rossiya armiyasi bilan tuzilgan shartnomalarga qiziqtirish uchun amaldorlar xususiy bandlik agentliklari bilan ishlashni tashkil etishi kerak. Chet elliklar bilan hamkorlik qiladigan yirik ish beruvchilar ham ushbu maqsadlarga jalb qilinishi mumkin.
Bundan tashqari, G‘arbiy harbiy okrugga tashviqot va shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatga fuqarolarni tanlashda yordam ko‘rsatadigan ishchi guruh tarkibiga millatlararo munosabatlar qo‘mitasi vakili ham kiritiladi.
Sank-Peterburg vitse-gubernatori Antoliy Poveliy va Sankt-Peterburg tumanlari rahbarlariga ham alohida vazifalar yuklangan. Ular shu oyning o‘rtalariga qadar harbiy komissarlar bilan birgalikda 2017 yildan 2022 yilgacha Rossiya fuqaroligini olganlarning harbiy ro‘yxatga olinganini tekshirishlari kerak.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatli hududlarga jalb qilish haqidagi da’vatlarga ergashmaslikni, ziddiyatli hududlarga bormaslikni va harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikni so‘ragandi.
LiveBarchasi