Rossiya Markaziy Osiyoga olaqarash qila olmaydi, chunki Turkiya va Xitoy G‘arbdek subutsiz emas – Alisher Qodirov
Jamiyat
−
22 dekabr 2023
24291Rossiya gvardiyasi polk komandirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, “Putin jamoasi” ijtimoiy harakati a’zosi Zaxar Prilepinning sobiq SSSR hududlarini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qo‘shib, ularning aholisiga rus tilini o‘rgatish taklifini ilgari surgani O‘zbekistonda norozilik va keng munozaralarga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekistonlik faollar va deputatlar bu borada o‘z munosabatlarini e’lon qilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov ham Prilepinning da’vosiga javob qaytardi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida post qoldirdi.
Qodirov o‘z bayonotida bu uning norasmiy munosabati ekanini qistirib o‘tgan.
“Rossiya Markaziy Osiyo bilan konstruktiv munosabatlarga majbur, boshqa yo‘li yo‘q. Lekin sovet davri sog‘inchini eplash oson bo‘lmayapti, ataylab yoki bilmasdan norasmiy davralar buni ko‘rsatib qo‘ymoqda”, deydi Alisher Qodirov.
Uning aytishicha, G‘arbning “tarqoq, qo‘rqoq va xudbin” siyosatini qo‘l kelishidan umidvor bo‘lgan Rossiya, Ukrainadagi muvaffaqiyat orqali sovet maqsadini rasmiy siyosatga aylantirmoqchi bo‘lgan. Biroq bu amalga oshmagan. Lekin Rossiya ikkilamchi maqsadiga erishgan, ya’ni G‘arbga hamkor sifatida ishonch keskin zaiflashgan.
“Bundan keyin Rossiya Markaziy Osiyoga olaqarash qila olmaydi, chunki Turkiya va Xitoy G‘arbdek subutsiz emas. Buni Qozog‘istonda amalda ko‘rdik. Rus “perepyolka”lari esa, xomxayol bilan Ukrainada bo‘lganidek rusparastlardan umidvor bo‘layotgan bo‘lishi mumkin, lekin ishoning, Ukraina voqealari bundaylarni ham sonini deyarli yo‘qqa chiqardi”, deydi Qodirov.
Uning fikricha, rus jamoatchiligida ortib borayotgan bosqinchi-shovinistik, norasmiy chiqishlariga chalg‘imaslik, barcha imkoniyatlarni ishonchli hamkorlar bilan iqtisodiy va ma’naviy qudratimizni oshirishga qaratish zarur.
“O‘zbekiston uchun ishonchli bo‘lish, rasmiy Rossiyaning muhim maqsadi ekanligiga shubha qilmayman, biz ham tabiiy hamkorimiz hisoblangan Rossiyaga ishonchni kamayishidan yutmaymiz, lekin norasmiy bo‘lsa ham, rus jamoatchiligida ortib borayotgan betoqat shovinistik kayfiyat davlatlarimiz orasidagi o‘zaro ishonchni asl maqsadlarimizga uyg‘un bo‘lmagan masofaga uzoqlashtirayotganini ham rad etib bo‘lmaydi”, deya xulosa qilgan Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Inomjon Qudratov Prilepinning bayonotiga munosabat bildirayotib, “Aqlsiz do‘st aqlli dushmandan yomonroqdir”, naqlini eslatgandi. Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev esa O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham mazkur vaziyatdan norozilik bildirib, Rossiyaga rasmiy nota yuborishi kerakligini ta’kidladi. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov ham bu bo‘yicha munosabat berib, Kiyevni egallash Rossiya uchun orzuligicha qolishini aytdi. “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa Prilepinning bunday harakati na O‘zbekiston, na Rossiya qonunchiligiga to‘g‘ri kelmasligini eslatdi. Yana bir deputat Umida Rahmonova esa bir davlatning suverenitet huquqini boshqa davlatlarga nisbatan buzishni g‘irt ikkiyuzlamachilik deb atadi.Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova Prilepinning bayonotlari uning shaxsiy fikri bo‘lib, Rossiya Federatsiyasining rasmiy pozitsiyasini uzoqdan ham aks ettirmasligini aytdi.
LiveBarchasi