Rossiya Markaziy Osiyodan kelgan talabalar uchun kvotalarni oshirmoqchi
Olam
−
16 may 2023
6001Rossiya 2023-2024 o‘quv yilida Markaziy Osiyo mamlakatlari talabalari uchun kvotalar sonini oshiradi. Bu haqda bugun, 16 may kuni Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin “Valday” xalqaro munozara klubining III Markaziy Osiyo konferensiyasida ma’lum qildi.
Galuzinning aytishicha, 2023-2024 o‘quv yilida markaziy osiyolik talabalarni o‘qitish uchun kvota sezilarli darajada oshirilib, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari uchun qo‘shimcha 200 o‘rindan, tojikistonliklar uchun qo‘shimcha 152, o‘zbekistonlik talabalar uchun esa qo‘shimcha 50 o‘rin ajratiladi.
Shuningdek, vazir o‘rinbosari hozirda Rossiya Federatsiyasida Markaziy Osiyo davlatlaridan 185 mingga yaqin talaba tahsil olayotgani, shundan 68 mingga yaqin talaba Rossiya byudjeti hisobidan o‘qitilayotganini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, Galuzin yaqin kelajakda bir qator Markaziy Osiyo davlatlarida Rossiyaning yetakchi universitetlarining filiallarini ochish rejalashtirilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Uning aytishicha, Qirg‘izistonda Rossiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlari: Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Qozon federal universiteti va Oliy iqtisodiyot maktabi filiallarini, O‘zbekistonda esa Rossiya gumanitar universiteti, Moskva davlat geodeziya va kartografiya universiteti hamda Shimoliy Kavkaz federal universitetini ochish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, hozirda Ashxobodda Rossiya-Turkmaniston qo‘shma universitetini tashkil etish loyihasi kelishuv bosqichida turibdi.
“Bularning barchasi mintaqada faoliyat yuritayotgan universitetlarimizning 25 ta filialiga mustahkam qo‘shimcha bo‘ladi", deya xulosa qilgan Galuzin.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Valday” xalqaro munozara klubining III Markaziy Osiyo konferensiyasida qatnashayotgan Galuzin Markaziy Osiyo davlatlarining ayrimlari G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo‘shilishi mumkinligini aytgandi.
LiveBarchasi