Rossiya maxsus xizmatlari Ukraina uchun ma’lumot to‘playotgan shaxsni qo‘lga oldi (video)
Olam
−
16 mart 2021
7720Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Qrimda Ukraina maxsus xizmatlari uchun ma’lumot to‘playotgan rossiyalikni hibsga oldi, uning yonidan portlovchi moslama topilgan. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
“Federal xavfsizlik xizmati tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Rossiya Federatsiyasi fuqarosi V.L. Esipenkoning Ukraina maxsus xizmatlari manfaatlari yo‘lidagi razvedka va qo‘poruvchilik harakatlarini bostirgan”, deyiladi xabarda.
Federal xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, ushlangan shaxs Qrim hududida strategik inshootlar hamda odamlar to‘planadigan joylarni foto va videoga olgan.
Qayd etilishicha, Esipenkoning avtomobilida qo‘lbola portlovchi moslamaning tashqi belgilariga ega bo‘lgan ashyo topilgan.
“Hibsga olingan Esipenkoning so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina Tashqi razvedka xizmatining 5-departamenti 8-bo‘limida ro‘yxatda turuvchi zaxiradagi ofitser polkovnik V.A. Kravchukning ko‘rsatmasi bilan Ukraina maxsus xizmatlari manfaatlari uchun ma’lumot to‘plagan va uning tavsiyasiga binoan xavfsizlikni ta’minlash maqsadida qo‘lbola portlovchi moslamani avtomobilida saqlagan”, deyiladi Federal xavfsizlik xizmati xabarida.
Ma’lum qilinishicha, Esipenko Ukraina maxsus xizmatlari manfaatlari yo‘lidagi qo‘poruvchilik harakatlarini oldini olish maqsadida hibsga olingan. Ushlangan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi