Rossiya “Krokus” teraktini fosh qilishda O‘zbekistondan yordam olayotgani aytildi

Olam

image

“Krokus Siti Holl”dagi teraktga aloqadorlikda gumon qilingan 20 dan ortiq kishi hibsga olindi. Bu haqda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov Bishkekda ochilgan MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi. 

“Ma’lumki, joriy yilning 22 mart kuni Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Holl”da dahshatli terrorchilik harakati sodir etildi. Yuzlab begunoh odamlar, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘ldi”, deydi u. 

Bortnikovning qayd etishicha, hozirda jinoyatga aloqador shaxslarning butun doirasini aniqlash ishlari ketmoqda. 20 dan ortiq odam hibsga olingan, ular orasida bevosita jinoyatchilar va ularning sheriklari ham bor.

U Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan kelgan hamkasblari Federal xavfsizlik xizmati tergoviga yordam berayotganini urg‘uladi. 

“Aniqlanishicha, terrorchilarning tayyorgarligi, moliyalashtirilishi, hujumi va chiqib ketishi Afg‘oniston-Pokiston hududida joylashgan “Viloyati Xuroson” guruhi a’zolari tomonidan internet orqali muvofiqlashtirilgan. Teraktning to‘rt nafar ishtirokchisidan ikki nafari hujumdan biroz avval Turkiyadan Rossiyaga kelgan”, deydi u.

Bortnikovga ko‘ra, hujum yakunida terrorchilar Ukraina chegarasiga o‘tish to‘g‘risida aniq buyruq olgan, u yerda o‘sha tomondan qochish uchun darcha tayyorlangan.

Ma’lumot uchun, “Krokus Siti Holl”dagi terakt joriy yilning 22 mart kuni sodir bo‘lgan – qurolli shaxslar konsert zaliga bostirib kirib, odamlarga qarata o‘q uzishni boshlagan. Ular binoga o‘t qo‘yib, qochib ketgan. Terakt oqibatida 145 kishi halok bo‘ldi, 550 dan ortiq kishi jarohatlandi. Hujum uchun javobgarlikni ISHIDning "Viloyati Xuroson" guruhi o‘z zimmasiga oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Krokus siti holl Krokus terakti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing