“Krokus terakti” bo‘yicha yangi 4 gumonlanuvchi aniqlandi
Olam
−
02 noyabr
10986Rossiyaning Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida uyushtirilgan hamda 145 kishining hayotiga zomin bo‘lgan teraktda gumon qilingan yana 4 nafar shaxs aniqlandi. Bu haqda kecha, 1 noyabr kuni “Kommersant’” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, ularning barchasi mamlakat tarkibidagi Ingushetiya Respublikasi fuqarolari. Ulardan ikki nafari hibsga olingan, yana ikki nafari qidiruvga berilgan. Gumonlanuvchilar – Husayn Medov, Jabroil Aushev va Xavaj-Bagaudin Aliyev Nazran tumanining Surxaxi qishlog‘ida tug‘ilgan va shu qishloqda ro‘yxatda turadi. Qolgan bir nafar gumonlanuvchi – Botir Kulayev esa Ekajevo qishlog‘idan ekani qayd etilgan. Medov (astma kasali bor, 2-guruh nogironi) va Aushev ushlanib, Moskvaga olib ketilgan. Ular teraktda ishtirok etganini rad etgan, biroq qurol va o‘q-dorilarning noqonuniy savdosiga aloqadorligini tan olgan. Aliyev va Kulayev qidiruvga berilgan.
Ular bir guruh bo‘lib, oldindan til biriktirib, qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarning noqonuniy muomalasi va guruh tomonidan sodir etilgan portlovchi qurilma va moddalarning noqonuniy savdosi bo‘yicha ayblanmoqda.
Qayd etilishicha, noqonuniy qurol savdosi bilan shug‘ullangan 32 yoshli Husayn Medov tojikistonliklarning iltimosiga binoan, o‘z kanallari orqali to‘rtta bo‘sh “Kalashnikov” avtomatini qo‘lga kiritib, ularni uyda jangovar avtomatlarga aylantirgan. Uning sherigi 27 yoshli Botir Kulayev vatandoshiga “Krokus”da terrorchilar ishlatgan “Kalashnikov” avtomati va patronlarni yetkazib bergan. Medovning sheriklari 23 yoshli Jabroil Aushev va 31 yoshli Xavaj-Bagaudin Aliyev qurol-yarog‘ va o‘q-dorilarni Ekajevo va Surxaxi qishloqlari yaqinidagi omborlarga yetkazib, mijozlarga ularning koordinatalarini jo‘natgan.
To‘rtta pulemyot, 68 dona magazin va 2 mingdan ortiq o‘q-dorilar Moskva viloyatiga yetkazib berilgan. Tergovga jalb qilingan shaxslarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, ularga qurol va o‘q-dorilar uchun 1 million rubldan ortiq pul o‘tkazib berilgan.
Aushev bundan oldin Rossiya Jinoyat kodeksining 222-moddasi (Qurolni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, o‘q-dorilarni qonunga xilof ravishda olish, topshirish, sotish, saqlash, tashish, jo‘natish yoki olib yurish) 3-qismi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan. Biroq u qamoqda bor-yo‘g‘i bir necha oygina o‘tirgan. Aliyev esa Rossiya Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksining 20-8-moddasi 4-qismiga binoan ma’muriy jazo olgan.
Basmanniy tuman sudi yangi gumonlanuvchilarning hibsga olish tarzidagi ehtiyot chorasini joriy yil 22 dekabrgacha uzaytirdi.
Ma’lumot uchun, “Krokus Siti Holl”dagi terakt joriy yilning 22 mart kuni sodir bo‘lgan – qurolli shaxslar konsert zaliga bostirib kirib, odamlarga qarata o‘q uzishni boshlagan. Ular binoga o‘t qo‘yib, qochib ketgan. Terakt oqibatida 145 kishi halok bo‘ldi, 550 dan ortiq kishi jarohatlandi. Hujum uchun javobgarlikni ISHIDning “Viloyati Xuroson” terrorchi guruhi o‘z zimmasiga oldi. Jami 20 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi ochilib, ayblanuvchi sifatida ularning 18 nafariga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Qolgan 2 nafariga esa yashash joyini tark etmaslik majburiyati yuklangan.
Bundan tashqari, teraktdan ko‘p o‘tmay, Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 293-moddasi (beparvolik)ga ko‘ra, “Krokus” yong‘in xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i va ushbu ob’ektdagi yong‘in xavfsizligi uchun mas’ul shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskvaning Basmanniy sudi “Krokus Siti Holl”da terakt sodir etishda ayblangan to‘rt nafar Tojikiston fuqarosini hibsda saqlash muddatini uzaytirgandi. Tergov organlarining iltimosiga binoan Muhammadsobir Fayzov, Dalerjon Mirzoyev, Murodali Rachabalizod va Fariduni Shamsiddinni hibsda saqlash muddati yana uch oyga – 2024 yil 22 noyabrga qadar kechiktirilgandi. Ushbu shaxslar teraktning bevosita ijrochilari deb hisoblanmoqda.