“Krokus” terakti bo‘yicha dastlabki sud boshlandi

Olam

image

Ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida 149 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan teraktning 19 nafar sudlanuvchisi va ularning sheriklariga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki sud majlisini yopiq eshiklar ortida o‘tkazadi. Bu haqda TASS sud matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi.

Sud Rossiya Jinoyat-protsessual kodeksining 234-moddasiga (dastlabki sud majlisi yopiq sud majlisida taraflar ishtirokida yolg‘iz sudya tomonidan o‘tkaziladi) muvofiq o‘tkaziladi.

Sud matbuot kotibi Irina Jirnovaning so‘zlariga ko‘ra, sud jarayon ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash uchun jiddiy choralar ko‘radi.

“Krokus”dagi terakt ishi uch sudyadan iborat hay’at tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ish materiallari 470 dan ortiq jilddan iborat bo‘lib, dastlabki tergov davomida to‘plangan ashyoviy dalillar, shuningdek, sudlanuvchilarga nisbatan 200 dan ortiq turli xildagi ekspertiza natijalarini o‘z ichiga oladi.

Ishda 19 nafar sudlanuchi bor, ular orasida teraktning bevosita ishtirokchilari ham, ularning sheriklari ham mavjud: Fariduni Shamsiddin, Dalerjon Mirzoyev, Muhammadsobir Fayzov, Saidakram Murodali Rachabalizoda, Umidjon Soliyev, Mustakim Soliyev, Shahromjon Gadoyev, Zubaydul Zubaydul, K. Sharifzoda, Yoqubjoni Davlatxon Yusufzoda, Nazrimad Lutfulloi, Jumaxon Qurbonov, Husayn Medov, Jabroil Aushe, Alisher Qosimov, shuningdek, Isroil, Dilovar va Aminjon Islomovlar. Ularning barchasi Rossiya Federatsiyasidagi terrorchilar ro‘yxatiga kiritilgan.

Ma’lumot uchun, Moskva yaqinidagi Krasnogorskdagi “Krokus Siti Holl” konsert zaliga hujum 2024 yilning 22 mart kuni taxminan soat 20:00 da sodir bo‘ldi. To‘rt nafar qurolli shaxs konsertga kelgan odamlarga qarata o‘q uzgan, auditoriyaga o‘t qo‘ygan, so‘ng binoni tark etib, mashinada qochib ketgan. Oqibatda 149 kishi halok bo‘ldi, 500 dan ortiq kishi yaralandi. 1,7 mingdan ortiq kishi jabrlanuvchi sifatida tan olingan, 800 dan ortiq kishi guvoh sifatida so‘roq qilingan.

1 noyabr kuni ushbu teraktda gumon qilingan yana 4 nafar shaxs aniqlandi. Ularning barchasi mamlakat tarkibidagi Ingushetiya Respublikasi fuqarolari. Ulardan ikki nafari hibsga olingan, yana ikki nafari qidiruvga berilgan. Gumonlanuvchilar – Husayn Medov, Jabroil Aushev va Xavaj-Bagaudin Aliyev Nazran tumanining Surxaxi qishlog‘ida tug‘ilgan va shu qishloqda ro‘yxatda turadi. Qolgan bir nafar gumonlanuvchi – Botir Kulayev esa Ekajevo qishlog‘idan ekani qayd etilgan. Medov (astma kasali bor, 2-guruh nogironi) va Aushev ushlanib, Moskvaga olib ketilgan. Ular teraktda ishtirok etganini rad etgan, biroq qurol va o‘q-dorilarning noqonuniy savdosiga aloqadorligini tan olgan. Aliyev va Kulayev qidiruvga berilgan.

Ushbu hujum zamonaviy Rossiya tarixidagi eng yirik teraktlardan biriga aylandi, ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘limi bo‘lgan “Viloyat Xuroson” guruhi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

Huquq-tartibot idoralari teraktni sodir etish va uyushtirishda yordam berishda gumon qilingan 18 nafar shaxsni qo‘lga oldi, ularning aksariyati Tojikiston fuqarolari.

“Kommersant”ning ma’lum qilishicha, konsert zalining ikki xodimi ham Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 238-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish) 3-qismi bo‘yicha jinoiy ish bo‘yicha ayblanuvchiga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Tergov qo‘mitasi “Krokus Siti Holl” konsert zalida 2024 yilning 22 mart kuni sodir etilgan terrorchilik hujumi yuzasidan tergovni yakunlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Sud Krokus terakti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing