Rossiya konstitutsiyasi mualliflaridan biri vafot etdi
Olam
−
25 iyun 2023 8453 2 daqiqa
Taniqli rossiyalik siyosatchi va iqtisodchi, Rossiya konstitutsiyasi mualliflaridan biri Viktor Sheynis 92 yoshida vafot etdi. Bu haqda bugun, 25 iyun kuni siyosatchi va huquq himoyachisi Lev Shlosberg ma’lum qildi.
“Sheynis mamlakatimiz uchun dahshatli kunlarda olamdan o‘tdi, biroq Rossiyaga erkinlik va tinchlik kelganida, u bu vaqtni bor kuchi bilan yaqinlashtirganlar qatorida bo‘ladi”, deb yozgan Shlosberg o‘zining Telegram-kanalida.
Viktor Sheynis 1931 yil 16 fevralda Kiyevda tug‘ilgan. Leningrad davlat universitetining tarix fakultetini tamomlagan. 1958 yilda Vengriyadagi qo‘zg‘olonning sovet qo‘shinlari tomonidan bostirilishini tanqid qilgan maqolasi uchun komsomol va aspiranturadan haydalgan, keyin zavodda ishlagan va oradan bir necha yil o‘tib, fanga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.
1982 yilda Sheynis iqtisod fanlari doktori, 1977 yildan 1992 yilgacha SSSR Fanlar akademiyasining Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar institutida yetakchi ilmiy xodim, bosh ilmiy xodim bo‘lib ishlagan.
1990 yilda Sheynis Rossiya xalq deputatlari qurultoyiga saylangan. 1991 yil dekabr oyida u Oliy Kengashda SSSRning mavjudligini tugatish to‘g‘risidagi Belaveja bitimini ratifikatsiya qilish uchun ovoz bergan. 1993-1994 yillarda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik takliflari komissiyasi raisining o‘rinbosari bo‘lgan.
Viktor Sheynis 1993 yilda qabul qilingan Rossiya Konstitutsiyasi mualliflaridan biriga aylangan. O‘sha yili u keyinchalik “Yabloko” partiyasiga aylantirilgan “Yavlinskiy-Boldirev-Lukin” blokini yaratishda qatnashgan va Davlat Dumasi deputati bo‘lgan. Yaqin vaqtgacha u ushbu partiyaning federal siyosiy qo‘mitasi a’zosi bo‘lib qolgan.
Sheynis Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni bir necha bor tanqid qilgan. 2020 yil mart oyida u Putinning prezidentlik muddatini bekor qiladigan Rossiya Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga qarshi Yevropa Kengashiga murojaatni imzolagan.
Live
Barchasi