Rossiya kompaniyalari Qo‘shtepa kanali qurilishiga aralashmoqchi
Olam
−
17 may
24413Rossiya kompaniyalari Afg‘onistondagi Qo‘shtepa kanali qurilishiga katta qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Afg‘onistondagi Rossiya biznes markazi rahbari Rustam Xabibullin ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2021 yil avgust oyida AQSH va NATO kuchlari chiqib ketganidan keyin Rossiya va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aylanmasi sezilarli darajada oshdi va 1 milliard dollarga yetdi.
Rustam Xabibullinning RIA Novosti agentligiga aytishicha, savdoning asosiy yo‘nalishlari gaz, neft mahsulotlari, un va bug‘doy, sut mahsulotlari hisoblanadi.
“Rossiya Afg‘onistonda ish o‘rinlari yaratish va mahalliy loyihalarga sarmoya kiritish niyatida. Bular o‘sha zavodlar, fabrikalar, qishloq xo‘jaligi, jumladan, Qo‘shtepa suv kanalining qurilishi katta qiziqish uyg‘otmoqda. Qator korxonalarimiz ushbu kanal yonidan qishloq xo‘jaligi maqsadlarida yer uchastkalarini uzoq muddatga ijaraga berishni yo‘lga qo‘ymoqda”, deydi Xabibullin.
Ma’lumot uchun, Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali doimiy qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan hududlarga suv yetkazib berish orqali qishloq xo‘jaligi landshaftini o‘zgartirishga qaratilgan. Qurilish tugagach, kanal 285 kilometrga cho‘ziladi va mamlakatning qurg‘oqchil shimoliy viloyatlarini sug‘orishga yordam beradi. O‘zbekiston va Turkmaniston esa bundan xavotirda. Kanal Amudaryo resurslarini yo‘naltiradi va sovet davridan buyon bu manbadan foydalangan ikki davlat uchun suv ta’minotini to‘xtatadi. O‘zbekiston va Turkmaniston 2028 yilda suv yo‘li qurib bitkazilganidan so‘ng hozirgi suv oqimining 15 foizgacha qismini yo‘qotishi mumkin.
LiveBarchasi