Qo‘shtepa kanali Afg‘onistonga har yili o‘rtacha 500 million dollar daromad keltiradi – ekspert
Olam
−
06 iyun
7504Qo‘shtepa kanalining ishga tushirilishi Afg‘onistonga har yili o‘rtacha 500 million dollar daromad keltiradi. Bu haqda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha afg‘on eksperti Najibulla Sadid “Tolonews”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Qo‘shtepa va uning barcha yordamchi kanallari qurib bitkazilgach, Afg‘onistonga yiliga 470-550 million dollar miqdorida daromad olib kelishi mumkin”, deydi Sadid.
Nashr ekspertlarining fikricha, ushbu kanal qurilishi tugallanishi bilan Afg‘oniston bug‘doy yetishtirish bo‘yicha o‘zini-o‘zi ta’minlashga erishadi va bu orqali mamlakat o‘z iqtisodiyotida sezilarli yutuqlarni qo‘lga kiritishi mumkin.
Afg‘oniston Milliy taraqqiyot korporatsiyasi Qo‘shtepa kanalining suv olish inshooti qurilishi 50 foizga, ikkinchi bosqichda yer qazish ishlari 30 foizga oshgani haqida xabar berdi. Yil oxirigacha Faryob viloyatining Andxoy tumaniga yetib borishi kutilayotgan kanalning ikkinchi bosqichi uchun qazish ishlari qiymati 20 milliard afg‘on (283 million dollardan ortiq)ga baholanmoqda.
Qo‘shtepa kanali 2022 yilning mart oyidan beri qurilmoqda. Afg‘onistonda bug‘doy va kungaboqar yetishtirish uchun mamlakat shimolidagi 555 ming gektar unumdor bo‘lmagan yerlarni sug‘orish zarurligi aytilgan.
Kanal Balx viloyatining O‘zbekiston bilan chegaradosh Kaldar tumanidan boshlanib, Jauzjon viloyati orqali Faryob viloyatining Andxoy tumaniga o‘tadi. Uning uzunligi 285 km, kengligi 100 m bo‘ladi.
O‘zbekiston hukumati kanalning respublika qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan bir necha bor xavotir bildirgan. Mutaxassislarning fikricha, Qo‘shtepa Amudaryodan suvni burish orqali Orol halokatini yanada kuchaytiradi. “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasi kanalning foydalanishga topshirilishi Amudaryo havzasidagi barcha mamlakatlarning suv ta’minotiga zarba berishidan ogohlantirdi. Qurilish tugagandan so‘ng Qo‘shtepa Afg‘onistondagi qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun Amudaryo suv oqimining qariyb 20 foizini olishi mumkin bo‘ladi va uning Amudaryoning yozgi kam suviga ta’siri qayta taqsimlanish tufayli yanada kuchayadi.
2023 yil sentyabr oyida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonni suv resurslarini baham ko‘rish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etishni taklif qilgan edi. Bunga javoban Afg‘oniston Suv xo‘jaligi va energetika vazirligi rahbari Abdul Latif Mansurning aytishicha, hozirgi Afg‘oniston hukumati Amudaryodan suvni tortib olish bo‘yicha hech qanday kelishuvlar bilan cheklanmagan.
O‘sha yilning oktyabr oyi o‘rtalarida “Tolibon” kanalning birinchi qismi qurib bitkazilgani va loyihaning ikkinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi. Ular mintaqa davlatlaridan, xususan, O‘zbekistondan kanal haqida qayg‘urmaslikni so‘rashgan va muammolarni “diplomatik kanallar orqali” hal qilishga tayyor ekanliklarini bildirishgan.
LiveBarchasi