Markaziy Osiyoning suv muammolari: bizni nimalar kutmoqda?

Tahlil

image

Global dunyoda neft va gaz zahiralari uchun kurash ketayotgan bir davrda Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekiston uchun eng muhim resurs – ichimlik suviga aylanib qolmoqda. Mintaqa davlatlari o‘rtasidagi suv yo‘llarini nazorat qilishga intilish, global isish va cho‘llanish keltirib chiqarayotgan ekologik muammolar, demografik o‘sish hamda sanoatning rivojlanishi kelgusida mintaqada suv taqchilligiga sabab bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, bu Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan, asosiy ichimlik suv manbai bo‘lgan daryolarning o‘zani qo‘shnilar hududida bo‘lgan O‘zbekiston uchun jiddiy signaldir.

Mutaxassislarning fikricha, mintaqadagi Orol ekologik muammosi, Qo‘shtepa kanali yoki Rog‘un GES kabi geosiyosiy chigalliklar yaqin yillarda yanada murakkab vaziyatni yuzaga keltirishi mumkin. Ushbu maqolada Markaziy Osiyodagi suv taqchilligining sabablari, ayni damdagi muammolar va mintaqa kelajagi borasidagi prognozlarni muhokama qilamiz.

Suvsizlik sabablari

Markaziy Osiyo dunyodagi suv resurslari eng notekis taqsimlangan va iqlim o‘zgarishida eng zaif hududlardan biri hisoblanadi. Mintaqani suv bilan ta’minlovchi ikki daryo – Amudaryo va Sirdaryo o‘zanlari asosan Tojikiston va Qirg‘iziston hududida joylashgan, ammo iste’molchilarning katta ulushi daryoning quyi qismida, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qozog‘iston hududlarida yashaydi. Bu esa, mintaqaning besh davlati o‘rtasida transchegaraviy suv yo‘llari ustida turli ziddiyatlar yuzaga kelishi mumkinligini anglatadi. Qishloq xo‘jaligi hanuz asosiy daromad keltiruvchi tarmoqlardan biri bo‘lgan ushbu mamlakaltlarda chuchuk suv qaysidir ma’noda neftdan ham qadrlidir. Bugungi kundagi yashil hududlarning kamayishi, ko‘llar va boshqa suv inshootlarining qurishi va cho‘llanish ortidan yuzaga kelayotgan inson salomatligi bilan bog‘liq muammolar esa, butunlay boshqa mavzu. Ammo bu ekologik keskinlikning sababi tarixiy siyosiy qarorlar, iqtisodiy model va ekologik o‘zgarishlar kesishgan murakkab tizimli inqirozdir. Bugungi vaziyatni tushunish uchun uning ildizlariga, ayniqsa XX asrning ikkinchi yarmida shakllangan suv boshqaruvi modeliga qarash zarur.

Avvalo, muammoning asosiy sababi — Sovet davrida shakllangan irrigatsiyaga asoslangan iqtisodiy siyosatdir. Sovet davri hukumati tomonidan Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston paxta yetishtirishga ixtisoslashtirilib, dalalarning katta qismiga majburan ektirilgan. Shuni inobatga olish lozimki, paxta ko‘p suv talab qiladigan o‘simlik hisoblanib, o‘rtacha hisobda, 1 kg paxta tolasi olish uchun global miqyosda 7 000 litrdan 29 000 litrgacha suv sarflanishi mumkin.

1960 yillardan boshlab Amudaryo va Sirdaryo daryolari suvining katta qismi paxta yetishtirish uchun yo‘naltirila boshlangan. Yetarlicha ta’mirlanmagan kanallar va issiq iqlim suvning katta qismi o‘simlikka yetib bormasdan havoga uchib yoki yerga shimilib ketishiga olib kelgan. Bu o‘zgarishlar chuchuk suv oqimini sezilarli darajada kamaytirdi va dengizning qisqarishiga sabab bo‘ldi. Bu esa, tarixdagi eng yirik ekologik falokatlardan biri — Orol dengizi qurishiga olib keldi. Natijada, dengiz hajmi keskin kamaydi, suv sho‘rligi oshdi va butun ekotizim izdan chiqdi. Xususan, paxta yetishtirishni qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan keng sug‘orish infratuzilmasi: kanallar, to‘g‘onlar va suv omborlarining qurilishi ilgari Orol dengizini to‘ldirgan Amudaryo va Sirdaryo daryolaridan katta miqdordagi suvni boshqa yo‘nalishga burdi. Tadqiqotlarga ko‘ra, daryolardan suvni haddan tashqari tortib olish Orol dengiziga oqib keladigan suv hajmini keskin kamaytirgan va uning maydoni 80–90 foizga qisqarib ketgan.

Biroq tan olish lozimki, muammo faqat tarix bilan bog‘liq bo‘lib qolgani yo‘q. Bugungi kunda ham davom etmoqda. Markaziy Osiyoda suv resurslarining katta qismi qishloq xo‘jaligida ishlatiladi. Eng katta muammo shundaki, irrigatsiya tizimlari eskirgan va samarasiz, ochiq kanallar orqali uzatilgan suvning katta qismi bug‘lanish yoki tuproqqa singib ketishi tufayli yo‘qoladi. Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining (CARYeC) ma’lumotlariga ko‘ra, ba’zi hududlarda suvning 40 foizigacha qismi dalaga yetib bormaydi. Bu esa, suv tanqisligini yanada kuchaytiradi. Tanqidiy jihat shundaki, davlatlar hali ham suvni tejovchi texnologiyalarga to‘liq o‘tmagan.

Mustaqillikdan keyin Markaziy Osiyo davlatlari yagona sovet tizimidan alohida milliy tizimlarga o‘tdi. Natijada suv resurslari transchegaraviy muammo sifatida keskinlashdi. Yuqori oqimdagi davlatlar suvni energetika uchun ishlatishga intilsa, quyi oqimdagi davlatlar uni sug‘orish uchun talab qiladi. Bu esa, manfaatlar to‘qnashuvini keltirib chiqaradi. CAREC mutaxassislarining ta’kidlaganidek, muammo ko‘pincha suv yetishmasligidan emas, balki noto‘g‘ri boshqaruv, koordinatsiya yetishmasligi va investitsiya kamligidan kelib chiqadi.

Yana bir muhim sabab bu — iqlim o‘zgarishi. So‘nggi o‘n yilliklar davomida Markaziy Osiyoda harorat global dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan tezroq oshmoqda. Bu esa, muzliklarning tez erishiga olib keladi. Qisqa muddatda suv ko‘paygandek tuyulishi, daryolar to‘lib oqishi mintaqani xursand qilishi mumkin, ammo manzaraga kengroq nigoh bilan qaralsa, asosiy suv manbalari qisqaradi. Ayniqsa, Pomir va Tyan-shan tog‘laridagi muzliklar kamayishi kelajakda daryolar oqimini sezilarli pasaytiradi. Jahon meteorologiya tashkilotining (JMT) “2025 yildagi global iqlim holati” yillik hisobotida 2024-2025 yilda Pomir, Tyan-Shan va Hindukush muzliklari keskin erib ketganini ma’lum qilgan edi. Demak, mintaqa oldinda yanada og‘irroq suv tanqisligiga duch kelishi mumkin.

Yana bir muhim jihat shundaki, Markaziy Osiyo aholisi ko‘payishda davom etmoqda. Demografik o‘sish va shaharlarning kengayishi suvga bo‘lgan talabni keskin oshirishi tabiiy. Agar yaqin orada yechim topilmasa, mintaqada dunyoga keluvchi yangi avlodlarni jiddiy suv taqchilligi kutib turibdi.

Bir so‘z bilan aytganda, Markaziy Osiyodagi suv muammosi birgina sabab bilan izohlanmaydi. Bu — noto‘g‘ri tarixiy siyosat, eskirgan infratuzilma, boshqaruvdagi kamchiliklar, iqlim o‘zgarishi va ekologik degradatsiyalarning o‘zaro ta’siri natijasidir. Eng xavotirli jihati shundaki, bu omillar bir-birini kuchaytiradi. Agar mintaqa davlatlari suvni boshqarishda hamkorlikni kuchaytirmasa, texnologik modernizatsiyani jadallashtirmasa va ekologik siyosatni qayta ko‘rib chiqmasa, suv muammosi kelajakda iqtisodiy inqiroz va hatto geosiyosiy ziddiyatlarga olib kelishi mumkin.

Geosiyosiy chigalliklar

Rog‘un GESi

Tojikistonning energetik mustaqillikka intilishi ortidan ishlab chiqilgan Rog‘un gidroelektrostansiyasi (GESi) mamlakat janubidagi Amudaryoning irmog‘i – Vaxsh daryosi havzasida qurilayotgan megaloyiha bo‘lib, dunyodagi eng baland tuproq-tosh to‘g‘oni (335 metr) bo‘lishi kutilmoqda. Qurilishi tugallangach gidroelektr stansiyasining umumiy quvvati 3600 MVt bo‘lgan 6 ta turbinaga ega bo‘lishi reja qilingan. Hisob-kitoblar bo‘yicha yangi GES yiliga 17,1 TVt/soat (Teravatt-soat) elektr energiyasi ishlab chiqarishi rejalashtirilgan.

GES qurilish ishlari dastlab 1976 yilda boshlangan, ammo mablag‘ yetishmasligi, 1993-yilgi suv toshqini va 1992-1997 yillarda sodir bo‘lgan Tojikistondagi fuqarolar urushi tufayli bir necha bor kechiktirilgan.

Megaloyihalar o‘z navbatida mega-xarajatlar talab qiladi. Mintaqadagi ta’sirini saqlab qolish ilinjida Rossiya bir necha bor turli yo‘llar bilan loyihani moliyalashtirishga urinib ko‘rdi. Shunday urinishlardan biri 2004 yil oktyabrda bo‘lgan va Rossiyaning qator korxonalari, xususan, RUSAL (dunyoning ikkinchi yirik alyuminiy kompaniyasi) kompaniyasi bilan bitim imzolanadi. Dushanbega tashrif buyurgan Putin Rossiya kompaniyalari Tojikiston loyihalariga taxminan 2 milliard dollar sarmoya kiritishiga va’da berdi.  Ammo RUSAL kompaniyasi bu kelishuvlarning hammasini ham bajarmadi va Tojikiston parlamenti kelishuvni bekor qildi.

"Putin Dushanbega tashrif buyurgan vaqtda imzolangan o‘sha kelishuvlarning aksariyati amalga oshirildi, ayniqsa, Sangto‘da GES-1 gidroelektr stansiyasi va boshqa ob’ektlar qurilishi bo‘yicha kelishuvlar shular jumlasidandir. Biroq, Tojikiston hukumati va RUSAL o‘rtasida imzolangan bitimlar turli sabablarga ko‘ra amalga oshmadi va shuning uchun, nazarimda, ushbu kelishuvlar barbod bo‘lgach, ular bir tomonlama bekor qilindi", degan edi Tojikiston Savdo va iqtisodiyot vazirligining o‘sha vaqtdagi vakili G‘affurjon Rasuli.

2008 yil may oyida Tojikiston to‘g‘on qurilishi qayta boshlanganini e’lon qildi. Asta-sekin loyihaga boshqa xorijiy investorlar ham jalb etila boshlandi. 2017 yilda Tojikiston Rog‘un qurilishi uchun xalqaro bozorda 500 million dollarlik davlat obligatsiyalarini (Eurobonds) 7,1% stavka bilan muvaffaqiyatli sotdi. 2024 yil 10 iyunda Islom taraqqiyot banki va Tojikiston Respublikasi hukumati GES qurulishi uchun 150 million AQSH dollari miqdoridagi moliyalashtirish shartnomalarini imzolaganini e’lon qildi.

2012 yil avgust oyida Jahon banki loyihani iqtisodiy va ekologik jihatdan o‘rganib chiqib uni texnik jihatdan xavfsiz va iqtisodiy jihatdan foydali deb topdi, biroq to‘g‘on balandligi va mintaqaviy suv taqsimoti bo‘yicha qat’iy tavsiyalar berdi.

Ammo bu borada O‘zbekiston suv oqimining kamayishidan xavotirda ekanligini bildirgan. To‘g‘on bilan bog‘liq keskinliklar ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy faoliyat va savdo aloqalarining uzilishlariga olib kelgan. “ResearchGate” manbasiga ko‘ra, suv taqchilligi O‘zbekiston iqtisodiyotiga katta zarar yetkazishi, hatto yuz minglab ish o‘rinlariga ta’sir qilishi mumkin. Bu nizo ba’zan siyosiy ritorikada ham keskin ohang kasb etgan. Ba’zi manbalarga ko‘ra, hatto 2012 yilda O‘zbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimov Rog‘un GESi qurilishi davom etsa, urush ehtimoli haqida gapirgan.

2017 yildan keyin, O‘zbekiston pozitsiyasi keskin qarshilikdan strategik hamkorlikka o‘zgardi. Toshkent nafaqat to‘g‘on qurilishini qo‘llab quvvatlay boshladi, balki, 2025 yil iyul oyida O‘zbekiston Rog‘unda ishlab chiqariladigan elektr energiyasini 20 yil davomida sotib olish bo‘yicha shartnoma ham imzoladi.

Qo‘shtepa kanali

Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga “Tolibon” harakati a’zolari boshchiligidagi hukumat kelgach, mintaqadagi suv resurslari ustidan raqobatga yangi o‘yinchi qo‘shildi. Mamlakatning shimolida barpo etilayotgan Qo‘shtepa kanali Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng bahsli va gidropolotik vaziyatni o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan loyihaga aylandi. Kanalning asosiy qismi 285 km bo‘lishi rejalashtirilgan bo‘lib, 550 000 gektar cho‘lni qishloq xo‘jaligi yerlariga aylantirish ko‘zlangan. Ammo qizig‘i shundaki, o‘rtacha kengligi 100–108 metr, o‘rtacha chuqurligi esa 8-8,5 metr bo‘lgan “kanal” laqabli daryo negadir boshqa megaloyihalar kabi moliyaviy muammolarga duch kelmayapti. Sanoat tarmoqlari u qadar rivojlanmagan, xalqaro savdoda ham hali to‘la tan olingan faktorga aylanmagan, foydali qazilmalar qazib olishda ham katta yutuqlarga erishmagan bir davlat uchun xalqaro tashkilotlar, jahon banklari yoki qudratli davlatlardan yordam olmasdan bunday yirik loyihani amalga oshirish qay darajada imkonli?

Loyiha qanday va kim tomonidan moliyalashtirilayotgan bo‘lmasin, kanal juda tez sur’atda qurilmoda. Asosiy muammo — Qo‘shtepa kanali ishga tushgach, mintaqaning suv balansida yuzaga keladigan siljishlar. Gap shundaki, kanal suvni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Amudaryodan oladi, ya’ni u allaqachon haddan tashqari ekspluatatsiya qilinayotgan transchegaraviy resursdan yana katta hajmni tortib oladi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, kanal to‘liq quvvatda ishlasa, Amudaryo oqimining 10–20 foizigacha qismini burib yuborishi mumkin. Bu esa, quyi oqimdagi boshqa davlatlar — ayniqsa O‘zbekiston va Turkmaniston uchun sezilarli muammolar keltirib chiqaradi.

Ekologik nuqtai nazardan qaralganda, bu loyiha allaqachon mo‘rt bo‘lgan tizimga qo‘shimcha stress yuklaydi. Orol dengizi fojiasi hali ham to‘liq bartaraf etilmagan bir paytda, Amudaryodan suvning yana qisqarishi daryoning quyilish qismidagi ekotizimlarni yanada degradatsiya bo‘lishiga olib keladi. Suvning kamayishi — bu faqatgina hajm masalasi emas, tuproq sho‘rlanishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va mikroiqlim o‘zgarishlarining boshlanishidir. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston hududida allaqachon mavjud bo‘lgan ekologik inqiroz chuqurlashishi ehtimoli yuqori.

O‘zbekiston uchun Amudaryo suvining kamayishi nafaqat ekologik, balki iqtisodiy muammo hamdir. Birinchidan, irrigatsiya tizimlariga yetarli suv yetib bormasligi asosiy eksport tovari bo‘lgan qishloq xo‘jali mollariga zarar yetkazadi.  Amudaryo suviga tayanadigan paxta va g‘alla yetishtirish hajmining kamayishi nafaqat xalqaro savdoga, balki ichki bozorlardagi narxlarga ham salbiy ta’sir qiladi. Bu esa, iqtisodiy barqarorlikka ham zarba beradi.

Ikkinchi muhim jihat, energetik xavfsizlik. Amudaryo havzasidagi suv hajmining pasayishi gidroenergetik loyihalarga ham bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Mamlakatda ishlab chiqariladigan elektorenergiyasining 7-9% qismini GESlar ta’minlayotganini hisobga olsak, Qo‘shtepaning ishga tushirilishi chekka qishloqlarda elektr uzilishlari muammosini hal etilishini ortga surishi tayin. “Carnegie Endowment” markazi tahlillarida qayd etilishicha, mintaqada suv resurslari allaqachon siyosiy instrumentga aylangan, Qo‘shtepa esa bu jarayonni tezlashtiryapti.

Huquqiy jihatdan esa, vaziyat yanada murakkab. Tolibon boshqaruvidagi Afg‘oniston Amudaryo bo‘yicha mavjud sovet davridagi suv taqsimoti kelishuvlarining to‘laqonli ishtirokchisi emas. 1992-yilgi Olmaota kelishuvi yoki keyingi mintaqaviy mexanizmlar Afg‘onistonni qamrab olmaydi. Natijada, “qonuniy majburiyatlar”dan ko‘ra “de-fakto foydalanish” ustunlik qilmoqda. Xalqaro suv huquqi nuqtai nazaridan, “oqilona va adolatli foydalanish” prinsipi mavjud bo‘lsa-da, uni majburiy ijro ettirish mexanizmlari zaif.

Muammo faqat suv hajmida emas. CABAR.asia markazi qurilish sifati pastligi va suvning katta qismi qumli tuproqqa singib ketishi xavfini ham ta’kidlaydi, bu esa resurslardan samarasiz foydalanishga olib keladi. Bunday noto‘g‘ri infratuzilma kelgusida minntaqadagi suv muammolarini yanada murakkablashtirishi mumkin.

Yozda bizni nimalar kutmoqda?

Bir vaqtlar Marko Polo tomonidan ajoyib yaylovlari va boy vodiylari bilan tilga olingan Markaziy Osiyo mintaqasi, cho‘lga aylanish xavfi ostida. “Caspian Policy Center” tahlilchilari ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning kelajagi tobora keskinlashib borayotgan ekologik va suv resurslari inqirozi bilan chambarchas bog‘liq. Mintaqa allaqachon iqlim o‘zgarishi, muzliklarning erishi va suv resurslarining notekis taqsimlanishi oqibatida jiddiy bosim ostida qolgan.

Tahlilga ko‘ra, muammoning eng asosiy omillaridan biri – tashqi va ichki suv bosimining ortib borishidir. Xususan, Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali Amudaryo oqimini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin. Shu bilan birga, Xitoyning Ili va Irish daryolaridan ko‘proq suv tortishi ham mintaqadagi suv balansiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Rossiyaning Volga daryosidan foydalanish siyosati esa, Kaspiy dengizi sathining pasayishiga olib kelmoqda. Bu jarayonlar Markaziy Osiyoda suv resurslarining har tomonlama “talanishi”ga sabab bo‘lmoqda.

Iqlim o‘zgarishi ham muhim faktor hisoblanadi. Muzliklarning tez erishi dastlab suv hajmini oshirgandek tuyuladi, ammo uzoq muddatda bu jarayon daryolarning asosiy manbalarini qisqartiradi. Natijada, suv ta’minoti beqaror tus oladi. Bu esa, nafaqat qishloq xo‘jaligiga, balki energetika tizimiga ham bevosita ta’sir qiladi. Masalan, suv omborlaridagi suv darajasining pasayishi allaqachon ayrim davlatlarda elektr energiyasi tanqisligiga sabab bo‘lmoqda.

2026 yil yozi aynan shu muammolarning  boshlanishi deyish mumkin. Issiq haroratlar va yog‘ingarchilikning kamayishi fonida suvga bo‘lgan talab keskin oshadi. Qishloq xo‘jaligi, ayniqsa sug‘orma dehqonchilikka tayangan iqtisodiyotlar uchun bu juda muhim. Agar suv resurslarini boshqarish samarali yo‘lga qo‘yilmasa, hosildorlikning pasayishi, oziq-ovqat narxlarining oshishi va ijtimoiy bosimning kuchayishi ehtimoli yuqori. Siyosatshunoslik bo‘yicha Avstraliya milliy universiteti doktoranti (PhD) Otabek Akromovning sobiq Tashqi ishlar vaziri (v.b) Vladimir Norovning LinkedIn tarmog‘iga joylagan va keyinchalik o‘chirilgan postidagi ma’lumotlarga tayangan holda yozishicha, bu yoz Amudaryo odatiy hajmning atigi 65 foizi oqishi mumkin. Sirdaryo havzasida esa vegetatsiya mavsumi (o‘simlikning o‘sishi uchun qulay bo‘lgan vaqt oralig‘i) avjiga chiqmasidanoq 3,2 milliard kub metr suv tanqisligi yuzaga kelgan. Buning oqibatida Qozog‘iston 1 milliard kub metrlik irrigatsiya tanqisligiga duch kelishi mumkin, O‘zbekiston hosili esa xavf ostida qoladi.

“Shu bilan birga, Qirg‘iziston va Tojikiston qishki energetika ehtiyojlari uchun suvni saqlab qolishga majbur. pastki oqimdagi davlatlar esa, aynan hozir suvga muhtoj. Natijada barcha tomon yutqazishi mumkin bo‘lgan nol-yig‘inli (zero-sum) vaziyat yuzaga kelmoqda”, deb yozadi u.

Biroq, tahlilchilar Markaziy Osiyo davlatlari uchun bu vaziyatni hamkorlikni kuchaytirish imkoniyati sifatida ham ko‘radi. Suv resurslarini birgalikda boshqarish, zamonaviy irrigatsiya texnologiyalarini joriy etish va suvni tejovchi siyosat yuritish orqali mintaqa barqaror rivojlanish yo‘liga chiqishi mumkin. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya loyihalari ham suvga bo‘lgan bosimni kamaytirishga xizmat qilish ehtimoli bor.

Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyoning kelajagi suv manbalaridan qanday foydalanishiga bog‘liq. Vaziyatning siyosiy tomonidan ko‘ra, individual qismiga ham e’tibor qilish kerak. Bu mavzuni ayniqsa, hozir salqinlanish uchun atrofiga suv sepayotgan, mashinasi yarqirab turishi uchun ichimlik suvini ayamayotgan “boyvachcha”lar bilishi lozim. Bugun biz sun’iy pasaytirilgan narxlar tufayli ichimlik suvini arzimagan narxlar evaziga sotib olyapmiz, ammo kun kelib farzandlarimiz suv so‘raganda uni chanqog‘ini qondirishga pulimiz yetarmikan? Unutmang, qachondir uyinggizdagi siz burashga eringan jo‘mrak tufayli, ertaga piyolangiz to‘lmay qolishi mumkin. Shunday ekan iltimos, suvni asrang!


Maqola muallifi

Teglar

ichimlik suvi O'zbekiston suv GES Markaziy Osiyo global isish Orol Qo'shtepa kanali ekologik muammolar

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing