Rossiya Kiyevga ketma-ket oltinchi kun zarbalar berdi
Olam
−
08:21 2006 2 daqiqa
Bugun, 1 sentyabr kuni Rossiyaning Ukraina poytaxti Kiyev va uning atrofiga uyushtirgan havo hujumlari oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi, 14 dan ortiq odam jarohatlandi. Bu haqda mahalliy hokimiyat vakillari ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Kiyevda portlashlar ovozi eshitilgan. Shahar ma’muriyatiga ko‘ra, poytaxtda 3 kishi halok bo‘lgan, yana 5 kishi jarohatlangan, shuningdek, noturar joyda yong‘in chiqqan.
Kiyev viloyatining Borispol shahrida esa raketa va dronlar hujumi oqibatida ko‘p qavatli uy hamda tijorat ob’ekti zararlangan. Viloyat gubernatori Timur Tkachenkoning ma’lum qilishicha, hujum natijasida 1 kishi halok bo‘lgan, 9 kishi, jumladan, 1 bola jarohatlangan.
Bu Kiyev va uning atrofiga Rossiya tomonidan oltinchi kun ketma-ket amalga oshirilayotgan hujum bo‘ldi. Hujumlar millionlab odamlarning kundalik hayotiga ta’sir ko‘rsatgan, bugun ertalab Ukraina hududining aksar qismida havo hujumi haqida ogohlantirishlar e’lon qilingan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 31 avgust kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan “batafsil va konstruktiv” suhbat o‘tkazganini bildirgan. U tomonlar tinchlik muzokaralarini ilgari surish maqsadida vakillarning Ukrainaga tashrifi sanalarini kelishish ustida ishlayotganini aytgan.
Rossiyada esa Moskva meri Sergey Sobyanin shahar tomon uchib kelayotgan o‘ndan ortiq dron urib tushirilganini ma’lum qilgan. Ukraina Rossiya poytaxti va mamlakat ichkarisidagi hududlarga hujumlarni davom ettirmoqda.
Rossiyaning Moskvadan qariyb 800 kilometr janubi-sharqda joylashgan, yirik neftni qayta ishlash zavodlari mavjud Samara viloyatida ham havo hujumi oqibatida fuqarolik ob’ektlari zararlangani aytilgan.
Shuningdek, Rossiyaning shimoli-g‘arbidagi Leningrad viloyatida dronlarga qarshi otishmalar qayd etilgan bir paytda, NATOning Boltiq havo hududini qo‘riqlash missiyasi Latviyada qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘targan. Finlyandiya ham Rossiyaga yaqin hududlarda havo va dengiz harakatiga cheklovlar joriy qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvaloq Rossiya Ukrainaning Kiyev viloyati Bucha tumaniga hujum uyushtirgandi. Zarba oqibatida 27 kishi halok bo‘lib, 42 kishi jarohatlangani xabar qilingandi.
Live
Barchasi