Rossiya Kanadaga qarshi sanksiyalar joriy qildi
Olam
−
22 aprel 2022
11306Rossiya 61 nafar Kanada fuqarosiga, jumladan, yuqori martabali hukumat amaldorlari, faol va nafaqadagi harbiylar, ekspertlar hamjamiyati va ommaviy axborot vositalari vakillariga nisbatan sanksiyalar joriy qilmoqda. Bu haqda kecha, 21 aprel kuni Rossiya TIV ma’lum qildi.
“Rasmiy Ottava tomonidan doimiy ravishda joriy etilgan Rossiyaga qarshi sanksiyalarga, jumladan, Kanadaga kirishni taqiqlash va Rossiya rasmiylari, harbiylari, ekspertlari va jurnalistlariga nisbatan boshqa kamsitish choralariga javoban yana bir guruh Kanada fuqarolari doimiy asosda “stop ro‘yxati”ga kiritildi.”, deyiladi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
TIVning ta’kidlashicha, ko‘rsatilgan shaxslar (61 kishi), jumladan, yuqori martabali davlat amaldorlari, faol va iste’fodagi harbiy xizmatchilar, ekspertlar hamjamiyati va yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari Kanadadagi hukmron rejimning rusofobik yo‘nalishini ishlab chiqish, asoslash va amalga oshirishda bevosita ishtirok etgan va shu sababdan Rossiya Federatsiyasiga kirishi taqiqlangan.
Bayonotda “yaqin kelajakda Kanada hukumatining Kiyevdagi rejimni qo‘llab-quvvatlovchi dushmanona harakatlariga javoban Rossiya “stop ro‘yxati”ni yana kengaytirishi qo‘shimcha qilingan.
Bundan oldin Rossiya 29 nafar amerikalikka sanksiya joriy qilgandi. Ularning orasiga Mark Sukerberg, Kamala Xarris, Jon Kirbi va boshqalar kirgandi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Kanada va boshqa davlatlar fevral oyi oxirida Ukrainadagi urush fonida Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qila boshladi. Moliyaviy va harbiy-sanoat sohalaridagi o‘nlab Rossiya kompaniyalari va oligarxlar cheklovlar ostida qoldi.
Mart oyi boshida AQSH Prezidenti Jo Bayden rossiyalik oligarxlarning jinoyatlarini tergov qilish bo‘yicha guruh tashkil etilishini e’lon qildi. U Amerika va Yevropa rasmiylari “yo‘l-yo‘lakay orttirilgan boylik” ortidan kelishlari, yaxtalari, hashamatli uylari, shaxsiy samolyotlarini tortib olishlari haqida ogohlantirdi.
Ertasi kuni AQSH 19 nafar tadbirkor va mansabdor shaxslar hamda ularning 47 nafar oila a’zolariga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Oq uy cheklovlarga sabab sifatida “Prezident Vladimir Putinning Ukrainaga shafqatsiz bostirib kirishida uni qo‘llab-quvvatlagani”ni keltirdi.
AQSH “Transneft” rahbari Nikolay Tokarev, Boris va Arkadiy Rotenberglar, “Rostex” rahbari Sergey Chemezov, VEB.RF rahbari Igor Shuvalov, Yevgeniy Prigojin, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov hamda ularning bir qator kompaniyalari va qarindoshlarining aktivlarini muzlatib qo‘ydi.
9 mart kuni Yevropa Ittifoqi 14 nafar rossiyalik tadbirkor va ularning oila a’zolariga nisbatan cheklovlar joriy qildi. Keyinchalik Buyuk Britaniya ham qo‘shimcha sanksiyalar kiritdi.
6 aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning voyaga yetgan farzandlari, Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin va Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga nisbatan sanksiyalar joriy qilishini e’lon qildi.
7 aprel kuni Avstraliya Rossiya elitasining 67 vakiliga qarshi sanksiya kiritdi. Shveysariya esa Rossiyaning 8 milliard dollardan ortiq aktivlarini blokladi.
LiveBarchasi