Rossiya qo‘shinlari Xarkov viloyatida hujum taktikasini o‘zgartirdi – ISW

Olam

image

Rossiyaning Xarkov viloyati shimolidagi hujum operatsiyalari sur’ati so‘nggi 24 soat ichida sekinlashdi. Bu haqda Amerika urushni o‘rganish institutining (ISW) hisobotida so‘z boradi.

Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlarining hujumkor faoliyatining tabiati Xarkov viloyatiga chuqurroq kirib borish emas, balki chegara hududida bufer zonani yaratishga ustuvorlik berilgani haqidagi baholashga mos keladi.

Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov 14 may kuni Xarkov viloyatida Ukrainaning qo‘shimcha bo‘linmalari joylashtirilgani va ular tomonidan mudofaa harakatlari boshlanganidan keyin vaziyat barqarorlasha boshlaganini aytdi.

ISW’ning har ikki tomondagi manbalari Rossiya qo‘shinlari yangi taktikalarni qo‘llayotgani – kichik hujum guruhlari (besh kishidan ko‘p bo‘lmagan) yordamida Ukraina pozitsiyalariga kirib borishi, shundan so‘ng ular boshqa kichik guruhlar bilan birlashib, yirikroq zarba guruhlarini tashkil etishini aytdi.

“Biroq, kichik hujum guruhlaridan foydalanish katta yo‘qotishlarga olib kelishi va hujumning umumiy sur’atini sekinlashtirishi mumkin”, deb yozadi ISW.

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Anatoliy Bargilevichning ta’kidlashicha, birgina so‘nggi 24 soat ichida Rossiya qo‘shinlari bu yo‘nalishda 1740 nafargacha askarini yo‘qotgan. ISW’ga ko‘ra, u bu raqamni mustaqil ravishda tasdiqlay olmaydi, ammo qurbonlar soni 14 mayda kuzatilgan hujum operatsiyalarining umumiy sekinlashuviga mos kelishi mumkin.

“Hujum sur’ati nisbatan past bo‘lib qolsa, Rossiya kuchlari hududda oldinga siljish o‘rniga, yangi pozitsiyalarni qo‘lga kiritish va chegara hududida bufer zona yaratishga e’tibor qaratadi”, deya xulosa qiladi ekspertlar.

Eslatib o‘tamiz, 10 may kuni Rossiya harbiylarining Xarkov viloyati chegarasiga hujumi boshlangandi. Prezident Vladimir Zelenskiy G‘arbdagi hamkorlarini Ukraina himoyachilariga va’da qilingan qurollarni o‘z vaqtida yetkazib berishda qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga chaqirdi. AQSH Prezidenti Jo Bayden esa Kiyevga 400 million dollargacha harbiy yordam ajratish haqidagi farmonni imzoladi. Shuningdek, AQSH Davlat departamenti Ukrainaga uchta HIMARS qurilmasini zudlik bilan sotishga ruxsat berdi. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi esa Ukrainaga urush boshlanganidan beri eng katta harbiy yordam paketini taqdim etishini e’lon qildi. Yordamning navbatdagi partiyasi to‘rt million o‘q-dori, 1600 dan ortiq zarba beruvchi va zenit-raketalar, shuningdek, 400 ta texnika, jumladan, 162 ta zirhli texnika va 78 ta yerusti texnikasidan iborat bo‘ladi. Zelenskiy esa 14 may kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvda Xarkov va mintaqani himoya qilish uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari, xususan Patriot zarurligini aytdi

Amerikaning “Politico” nashri Rossiya qo‘shinlarining Xarkov viloyatidagi hujumi urush natijasi uchun burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan hal qiluvchi jangning boshlanishi ekanini yozdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Xar'kov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing