Rossiya Qozog‘istondan gul importini ham taqiqladi

Olam

image

Rossiya 21 oktyabrdan boshlab Qozog‘istondan gullar olib kirishni cheklaydi. Bu haqda Rosselxoznadzor xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, gullar Rossiyaga asosan Qozog‘iston organlari tomonidan berilgan fitosanitariya sertifikatlari orqali keladi. Qozog‘iston esa gullarning asosiy qismini Niderlandiya, Polsha va Belgiyadan qayta eksport qilmoqda. Biroq ushbu mamlakatlarning tegishli idoralari mahsulot xavfsizligini ta’minlash uchun tegishli darajada nazorat o‘rnatmagan. Importni to‘xtatish 43 ta holatda g‘arb gul tripsi aniqlangani bilan bog‘liq. Bu hasharot Rossiya hududida tarqalishiga yo‘l qo‘yilsa, iqtisodiy zarari 11,5 milliard rubldan oshishi mumkin.

Ma’lumot uchun, 23 sentyabrdan boshlab Rossiya Qozog‘iston doni va bir qator qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘z hududi orqali tranzit qilishga bir tomonlama cheklovlar kiritgan edi.

Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, 8 oktyabr kuni Rosselxoznadzor bilan Qozog‘iston karantin nazoratidagi mahsulotlarini qaytarish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan, 9 oktyabr kuni esa Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi platformasida Rosselxoznadzor va Rossiya davlat idoralari vakillari, Qozog‘iston davlat organlari va biznesi ishtirokida birinchi maslahatlashuv bosqichi bo‘lib o‘tgan.

16 oktyabr kuni Qozog‘iston parlamenti deputati Aydarbek Xojanazarov Bosh vazir Oljas Bektenovdan Rossiya bilan muzokaralarni boshlashni va Qozog‘iston mahsulotlarini tranzit qilishga qo‘yilgan asossiz fitosanitariya cheklovlarini bekor qilishni so‘ragan. Shuningdek, u Rossiya mahsulotlarini Qozog‘iston hududi orqali tranzit qilish tariflarini qayta ko‘rib chiqish va Rosselxoznadzor ustidan ushbu tashkilot tufayli mahalliy eksportchilar zarar ko‘rayotgani uchun sudga da’vo kiritish kerakligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 17 oktyabrdan Rosselxoznadzor Qozog‘istondan bug‘doy, yasmiq, pomidor, qalampir va qovunni Rossiyaga olib kirishga vaqtinchalik cheklovlar kiritgan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qozog'iston gul importi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made