Rossiya Isroil vazirining Al-Aqsoga borganini qoraladi
Olam
−
15 avgust
10696Rossiya Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi majmuasiga radikal fikrdagi ko‘plab tarafdorlari bilan bostirib kirganidan xavotir bildirdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
Kecha, 13 avgust kuni Ben-Gvir radikal fikrdagi 2000 dan ortiq isroillik bilan masjidga borgan.
“Bizning siyosatimiz yahudiylarning ibodatini ta’minlashdir”, degan Itamar Ben-Gvir ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida.
Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, Moskva isroillik vazirning majmuaga bostirib kirishidan juda xavotirda va buni provokatsion harakat sifatida baholagan.
“Isroil hukumati ularni qoralash bilan cheklanib qolmay, 1994 yilda Iordaniya-Isroil tinchlik shartnomasida mustahkamlangan Quddusning muqaddas qadamjolari status-kvosini qo‘pol ravishda buzuvchi bu amaliyotni to‘xtatish uchun samarali choralar ko‘rishi kerak”, deyiladi bayonotda.
Bayonotda aytilishicha, bunday harakatlar ham Isroil jamiyatida, ham falastinliklar orasida radikal kayfiyatni kuchaytirishga yordam beradi va G‘azo sektorida davom etayotgan jangovar harakatlar fonida Isroil-Falastin mojarosi hududida zo‘ravonlikni kamaytirishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarga putur yetkazadi.
Al-Aqso masjidi Islomdagi uchinchi muqaddas joy sanaladi. Yahudiylar bu hududni Ma’bad tog‘i deb atashadi va bu yerda ikkita qadimgi yahudiy ibodatxonasi joylashgan deb hisoblashadi.
Isroil 1967 yilgi Arab-Isroil urushi paytida Al-Aqso joylashgan Sharqiy Quddusni egallab olgan. 1980 yilda Isroil butun shaharni anneksiya qildi, bu xalqaro hamjamiyat tomonidan hech qachon tan olinmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil xavfsizlik kuchlari Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidining imomi Shayx Ikrima Sabriyning xonadonini tintuv qilgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Isroil masjidning 85 yoshli imomi Shayx Ikrima Sabriyga masjidga kirishni taqiqlagandi.
LiveBarchasi