Rossiya IIV migrantlarga ogohlantirish bilan chiqdi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi mamlakatdagi xorijiy davlatlar fuqarolariga koronavirus pandemiyasi tufayli berilgan yengillik muddati tugayotgani munosabati bilan 2021 yil 30 sentyabrgacha barcha hujjatlarni rasmiylashtirishni tavsiya qildi.

“Farmonda belgilangan me’yorlarning amal qilish muddati yaqinlashishi munosabati bilan, migratsiya markazlari va Rossiya IIV hududiy organlarida navbatlarning oldini olish maqsadida, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga hujjatlarni o‘z vaqtida olish hamda vakolatli tashkilotlar xodimlari nisbatan kamroq band bo‘lgan vaqtda, ya’ni kuning ikkinchi yarmida tashrif buyurishni tavsiya qiladi”, deyiladi RF IIVning qayta ogohlantirishnomasida.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidentining joriy yil 15 iyundagi farmoni bilan 2020 yil 15 martgacha Rossiyaga kelgan va 2021 yil 16 iyun holatiga ko‘ra, mamlakatda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar joriy yil 30 sentyabrga qadar Ichki ishlar vazirligining hududiy organlariga murojaat qilib, maqomlarini qonuniylashtirishga ruxsat berilgan edi.

Ta’kidlash lozimki, mazkur farmon bilan Rossiyada migratsiya qonunchiligini buzgan mehnat migrantlarini mamlakat hududidan majburan chiqarib yuborish pandemiya davrida vaqtincha bekor qilingan. Joriy yil 1 oktyabrdan ushbu tartib qayta joriy etiladi, ya’ni migratsiya qonunchiligini buzgan, shu jumladan Rossiyada bo‘lish va ishlash huquqini beruvchi hujjatlarga ega bo‘lmagan mehnat migrantlari mamlakat hududidan majburan chiqarib yuboriladi va keyinchalik Rossiyaga kirishiga ma’lum muddat taqiq qo‘yiladi.

Ma’lumot uchun, qamoqdan ozod qilingan, Rossiya davlat chegarasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan, mamlakat milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi, konstitutsiyaviy tuzum asoslarini zo‘ravonlik bilan o‘zgartirish tarafdori bo‘lgan, terroristik yoki ekstremistik harakatlarni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi yoki ularni sodir etuvchi xorijiy fuqarolar 30 sentyabrga qadar mamlakatda bo‘lish va ishlash uchun qonuniylashtirishga ruxsat berilganlar toifasiga kirmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

migrant

Baholaganlar

305

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing