Rossiya Germaniya bitimidan chiqib ketmoqchi

Olam

image

Rossiya 1996 yilda Germaniya bilan imzolangan harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi bitimdan chiqmoqchi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi. 

Vazirlik izohiga ko‘ra, ushbu bitim rasmiy ravishda amal qilayotgan bo‘lsa-da, hozirgi sharoitda “uning mazmuni yo‘qolgan va amaliy ahamiyatini yo‘qotgan” hamda “Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi bugungi davlatlararo munosabatlarga butunlay mos kelmaydi”.

“Shu munosabat bilan Rossiya tomoni ushbu bitimdan chiqish niyatida. Hozirda zarur ichki davlat tartib-taomillari amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda. 

Rossiya TIV Germaniya rahbariyatini aholiga nisbatan “g‘oyaviy targ‘ibot” olib borayotganlikda va “Rossiyaga qarshi harbiy-siyosiy vaziyatni keskinlashtirish”da ayblagan. 

“Germaniya hukumati haddan tashqari tashqi siyosiy ambitsiyalarga ega bo‘lib, ular Rossiyaning xavfsizlik sohasidagi hayotiy manfaatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ziddir”, deyiladi xabarda. 

Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik bitimi 1996 yil 14 iyunda imzolangan edi. Hujjatga ko‘ra, u dastlab 5 yil davomida amal qiladi va agar tomonlardan biri muddati tugashidan kamida 6 oy oldin diplomatik kanallar orqali yozma bildirishnoma yubormasa, har uch yilda avtomatik ravishda uzaytiriladi.

Germaniya Rossiyaning Ukrainaga qarshi bosqini boshlanganidan beri Ukrainaga eng katta harbiy yordam ko‘rsatgan davlatlardan biridir. Rossiya Germaniyaning ushbu harakatlarini qattiq tanqid qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Bundestagi deputati, Xristian-demokratlar ittifoqi a’zosi Roderix Kizevetter Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlarni yanada keskinlashtirish uchun barcha rossiyalik diplomatlarni mamlakatdan chiqarib yuborishni va Berlindagi “Rus uyini” yopishni taklif qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Rossiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing