Rossiya generalini o‘ldirganlikda gumonlangan o‘zbekistonlik qo‘lga olindi (video)
Olam
−
12:52
17769Kecha, 17 dekabr kuni Rossiyaning Moskva shahrida sodir bo‘lgan portlash qurboni bo‘lgan mamlakat Qurolli kuchlarining Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovning o‘limida gumon qilinib, o‘zbekistonlik 29 yoshli erkak ushlandi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi bayonot berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston fuqarosi qo‘mita tomonitan FXX va IIV hamkorligida qo‘lga olingan. Bildirilishicha, o‘zbekistonlik Ukraina maxsus xizmatlarining ko‘rsatmasi bilan Moskvaga kelgan va qo‘lda yasalgan portlovchi moslamani Igor Kirillov yashagan turarjoy binosiga kiraverishda turgan elektr skuteriga qo‘ygan.
“Harbiy xizmatchining yashash joyini kuzatish maqsadida u avtomashina ijaraga olib, u yerda videokuzatuv kamerasini o‘rnatgan. Ushbu kameradan olingan kadrlar Dnepr shahridagi Ukraina xavfsizlik xizmatiga onlayn tarzda uzatib turilgan. Harbiy eshikdan chiqib ketayotgani haqida videosignal olinganidan keyin portlovchi qurilma masofadan turib ishga tushirilgan”, deyiladi xabarda.
Rossiya Tergov qo‘mitasining versiyasiga ko‘ra, ushbu jinoyat uchun O‘zbekiston fuqarosiga 100 ming dollar miqdorida pul mukofoti va Yevropa davlatlaridan biriga yashash uchun borishi kafolatlangan bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Moskva shahridagi portlashda mamlakat Qurolli kuchlarining Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillov halok bo‘lgandi. Uning haydovchisi ham vafot etgan. Portlovchi qurilma 200 gramm trotil quvvatiga ega bo‘lgan, oqibatda uyning kirish eshigi va derazalari sinib ketgan, generalning xizmat mashinasi ham shikastlangan.
Keyinroq “Reuters”ning Ukraina Xavfsizlik xizmatidagi manbasi Kirillov va yordamchisining o‘ldirilishida Kiyev bevosita aloqadorligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Kiyev Kirillovni harbiy jinoyatchi va “mutlaqo qonuniy nishon” deb biladi. Ukraina rossiyalik generalni Ukraina qo‘shinlariga qarshi kimyoviy qurol qo‘llashga buyruq berganlikda aybladi.
Biroq manbalar ularning da’volariga hech qanday dalil keltirmagan.
General-leytenant Kirillov kecha, 17 dekabr kuni Mudofaa vazirligi brifingida ishtirok etishi kerak edi. General Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan so‘ng, muntazam ravishda jurnalistlar uchun brifinglarda nutq so‘zlab, keng tanilgan. Masalan, 2022 yilda AQSHni Ukrainada chivinlar orqali tarqatiladigan viruslar tadqiq etiladigan biolaboratoriyalar yaratishda ayblagan. 2023 yilda esa AQSH raqib harbiy xizmatchilarini zaharlash uchun bunday chivinlarni dronlar orqali yetkazishni rejalashtirayotgani haqida gapirgandi. U shuningdek, Rossiyada parranda grippi bilan kasallanish darajasi ortganini Ukrainadan zararlangan qushlar migratsiyasi bilan izohlagan.
LiveBarchasi