Qoraqalpog‘istonda koronavirus aniqlangan qozog‘istonlik bilan muloqotda bo‘lganlar karantinga olindi

Jamiyat

image
Koronavirus haqida yolg‘on xabar tarqatgan deputatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi – BP north_east

Koronavirus haqida yolg‘on xabar tarqatgan deputatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi – BP

O‘zbekistondan qaytgan Qozog‘iston fuqarosida koronavirus aniqlanganligi va u Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi to‘y marosimida ishtirok etganligi haqida xabar berilgan edi. Ushbu holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonot berdi.

Bayonotga ko‘ra, ushbu vaziyat yuzasidan Qozog‘iston Respublikasining tegishli idoralari tomonidan O‘zbekistonga rasmiy ma’lumot kelib tushmagan. Vazirlik tomonidan chuqurlashtirilgan profilaktik chora-tadbirlar (epidemiologik surishtiruv) o‘tkazilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 14 mart kuni Qozog‘istonda doimiy yashovchi 20 nafar fuqaro (shularning 3 nafari voyaga yetmagan) mikroavtobusda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga mehmonga kelib, shularning 16 nafari (2 nafari voyaga yetmagan) To‘rtko‘l tumani “Tozabog‘yop” OFYda yashovchi fuqaroning uyida mehmon bo‘lib qolgan. Qolgan 4 nafar mehmon (1 nafari voyaga yetmagan) Ellikqal’a tumani “Ellikqal’a” OFYda yashovchi fuqaroning uyiga mehmonga ketgan.

Qozog‘istonlik fuqarolarning O‘zbekistonga kelishdan maqsadi to‘y marosimlarida ishtirok etish bo‘lgan. 14−25 mart kunlari oralig‘ida To‘rtko‘l tumanida bo‘lgan fuqarolar 3 xonadonda mehmonda bo‘lib, 18 mart kuni nikoh to‘yda qatnashgan. Ellikqal’a tumanida bo‘lgan fuqarolar 2 xonadonda mehmonda bo‘lgan.

Mehmonga kelgan 20 nafar fuqaro 25 mart kuni To‘rtko‘l tumanidan Toshkent viloyatining “G‘ishtko‘prik” chegara posti orqali Qozog‘iston Respublikasiga chiqib ketgan. Yo‘lda ketayotib hech qayerda to‘xtamagan, boshqalar bilan muloqot qilmagan, o‘zlarining yonida bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilgan.

Qozog‘iston fuqarolarining barchasi 26 mart kuni o‘z manzillariga yetib borgan va ular tegishli tartibda karantinga olingan. Ularning ichida 60 yoshli ayolda laboratoriya tekshiruvlari natijasi bo‘yicha koronavirus kasalligiga gumon qilinib, yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.

Kasallik bilan gumon qilingan fuqaroning yaqinlari bergan ma’lumoti bo‘yicha, ayolning laboratoriya tekshiruv natijasi koronavirusni ko‘rsatgan bo‘lsa ham, ayolda va u bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolarda kasallik belgilari yo‘q, ularning ahvoli yaxshi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlarida qozog‘istonlik fuqarolar bilan muloqotda bo‘lgan odamlar aniqlanib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan, tegishli laboratoriya tahlillari olingan. Ularning tana harorati nazoratga olinib, 14 kunlik uy sharoitidagi karantinga olingan. Shu kunga qadar bu fuqarolarning hech birida koronavirus kasalligining belgilari aniqlanmadi.

Bu holat bo‘yicha tekshiruv ishlari davom etmoqda. Ularning natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

“Shuni ham alohida ta’kidlash joiz, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlarida profilaktik tadbirlarning o‘tkazilayotgani aholi orasida bu tumanlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan degan noto‘g‘ri ma’lumotlar, turli mish-mishlarning tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Biroq bu profilaktik tadbirlar aynan infeksiya tarqalishining oldini olish uchun o‘tkazilayotganini ma’lum qilamiz”, deyiladi bayonotda.

Qo‘shimcha qilinishicha, 2020 yil 31 mart soat 22:30 holatiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida koronavirusga chalingan birorta bemor aniqlanmadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirus yuqtirganlar soni 173 nafarga yetdi. Ularning 8 nafari kasallikdan forig‘ bo‘ldi, 2 kishi vafot etdi.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus

Baholaganlar

101

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing