Rossiya Finlyandiya NATOga intilayotgani uchun ilk “zarba”ni berishga yaqin – OAV
Olam
−
13 may 2022
19927Finlyandiya siyosatchilari mamlakatning NATOga qo‘shilishi ehtimolini hisobga olib, Rossiyadan gaz yetkazib berishni to‘xtatish ehtimoli haqida ogohlantirildi.
“Rossiya juma kuni (bugun) gaz ta’minotini to‘xtatishi mumkin. Asosiy siyosatchilar Finlyandiyaning NATOga qo‘shilish istagi munosabati bilan Rossiyaning javob harakatlari to‘g‘risida ogohlantirildi”, deb yozadi "Iltalehti" gazetasi.
“Haqiqiy Finlar” partiyasi parlament guruhi raisi Ville Tavio gazetaga mamlakatdagi siyosatchilar Rossiya javobining turli variantlari haqida xabardor qilinganini tasdiqladi.
“Biz bunga tayyormiz va bu sodir bo‘lishi mumkinligini bilamiz”, deya uning so‘zlarini keltiradi nashr.
Deputat Xarri Xarkimo ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi.
Nashrning qayd etishicha, avvalroq Finlyandiyada rus gazini yetkazib berishning to‘xtatilishi 23 may kuni Rossiya tomoniga navbatdagi to‘lov vaqtida yuz berishi kutilgan.Finlyandiyada gaz asosan sanoat maqsadlarida ishlatiladi. Eng katta foydalanuvchilar kimyo va o‘rmon sanoati korxonalari hisoblanadi. Finlyandiya Davlat mulki va Yevropa Ittifoqi bilan aloqalar vaziri Tyutti Tuppuraynen 27 aprel kuni Xelsinkida yoqilg‘i uchun rublda to‘lashni to‘xtatish bo‘yicha siyosiy qaror qabul qilinganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.
Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.
“Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi Shimoliy Yevropa mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga hamda Rossiya-Finlyandiya ikki tomonlama munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi”, deyiladi Rossiya TIV bayonotida.
Kamronbey Kenjayev
LiveBarchasi