Bosh prokuratura Oliy ta’lim tizimida oyni etak bilan yopmoqchi...mi?

Jamiyat

image

Ertaga, 18 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirligi, undagi korrupsion holatlar, ta’lim tizimidagi qing‘irliklar muhokama qilinishi kutilmoqda. 

QALAMPIR.UZ o‘z manbalari orqali ushbu yig‘ilish haqida xabar topdi va unda ishtirok etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qildi. Biroq, bugun ochiqlik va oshkoralik, shaffoflik haqida bong urayotgan, uning ta’minlanishiga bosh-qosh bo‘lishni va’da qilayotgan Bosh prokuraturadan yig‘ilishda ishtirok etish masalasida rad javobini oldik. 

Matbuot xizmatidan bizga berilgan ma’lumotlarga qaraganda, yig‘ilishga faqat televideniye xodimlarining kirishiga ruxsat berilgan. Boshqa ommaviy axborot vositalari vakillarining qatnashishiga taqiq mavjud. 

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: shumi ochiqlik va oshkoralik? Agar bu yig‘ilishni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining ichki yig‘ilishi va unda OAVga va u orqali xalqqa ayon bo‘lishi mumkin bo‘lmagan masalalar muhokama qilinadi desak, nima uchun 2019 yilning 24 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda bu jihat inobatga olinmadi? 

Yodingizda bo‘lsa, 2019 yilning 24 dekabr kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazildi va unda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligidagi korrupsion holatlar muhokama qilindi. Nega Bosh prokuratura Oliy ta’lim vazirligiga kelganda bunga ko‘z yumib, undagi muammolarning OAVga chiqishiga to‘siq bo‘lyapti? 

O‘ylaymizki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mazkur holat bo‘yicha rasmiy bayonot beradi. 


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura

Baholaganlar

324

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing