Rossiya erkaklar uchun chegaralarni yopadi – OAV
Olam
−
26 Sentabr 2022 25242 1 daqiqa
Rossiya hukumati safarbarlik yoshidagi erkaklar uchun chegaralarni yopmoqchi. Bu haqda “Meduza” Prezident ma’muriyatiga yaqin manbaga asoslanib xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taqiqni joriy etishning eng ehtimoliy sanasi 28 sentyabr.
Prezident ma’muriyatiga yaqin bo‘lgan ikkinchi manbaning aytishicha, bu tan olinmagan DXR, LXR va Ukrainaning Xerson va Zaporoje viloyatlarining bosib olingan hududlarida o‘tkaziladigan “referendum”lardan keyin sodir bo‘ladi. Ular 27 sentyabr oqshomida tugaydi.
Suhbatdoshning ta’kidlashicha, cheklov “chiqish vizasi”ga muqobil bo‘ladi: Rossiyani tark etish uchun erkaklar harbiy ro‘yxatga olish idorasidan ruxsat olishlari kerak.
Rossiyada safarbarlik 21 sentyabrda boshlandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, rezervda bo‘lgan va tegishli harbiy mutaxassislik va jangovar tajribaga ega fuqarolar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.
“Ob’yasnyayem.rf” hukumat portalida 35 yoshgacha bo‘lgan oddiy askar va serjantlar, 50 yoshgacha bo‘lgan kichik ofitserlar, 55 yoshgacha bo‘lgan katta ofitserlar birinchi navbatda safarbar qilinishi aytilgan. Safarbarlik ortidan rossiyaliklar ommaviy ravishda vatanini tashlab, xorijiy davlatlarga chiqib ketishni boshladi.
Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlik doirasida 300 ming kishini armiyaga olish rejalashtirilgan. Shuningdek, Rossiya oxirgi 10 yilda fuqarolikka qabul qilingan markaziy osiyoliklarni ham harbiy xizmatga jalb qilmoqchi ekani haqida xabar bergan edik.
Live
Barchasi