Rossiya BRICS sammitida Putinni Lavrov bilan almashtirishdan bosh tortdi
Olam
−
14 iyul 2023
10761Rossiya Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosaning avgust oyida bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitida Rossiya rahbari Vladimir Putinni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan almashtirish haqidagi iltimosini rad etdi. Bu haqda Afrika davlati vitse-prezidenti Pol Mashatile “Mail & Guardian” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Janubiy Afrika tomoni Rossiya Tashqi ishlar vaziri bo‘lajak tadbirda Rossiya delegatsiyasiga boshchilik qilish istagini bildirgan.
“Biz Rim statutisiga rioya qilishimizni tushunamiz, lekin birovni taklif qilib, keyin qamab qo‘ya olmaymiz. Kelmasa xursand bo‘lardik", deydi Pol Mashatile.
Shuningdek, u Hindiston va Braziliya sammitni Xitoyga ko‘chirish variantini rad etganini qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq Janubiy Afrika Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avgust oyida bo‘lib o‘tadigan BRICS sammitiga borsa, Xalqaro jinoiy sud (XJS)ning uni hibsga olish uchun chiqargan orderini chetlab o‘tish variantlarini ko‘rib chiqayotgandi. Jumladan, uning o‘rniga Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning ushbu sammitda ishtirok etishi so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 mart kuni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan, chunki ular bolalarning noqonuniy deportatsiyasi bilan bog‘liq harbiy jinoyatlar uchun javobgar deb topilgandi. Janubiy Afrika hukumati Vladimir Putinni bo‘lajak BRICS sammitida ishtirok etishdan bosh tortishga chaqirdi va Kremlni Putinni videoaloqa orqali sammitda ishtirok etishga ko‘ndirishga urindi.
Ma’lumot uchun, BRICS davlatlariga Rossiya, Braziliya, Xitoy, Hindiston va Janubiy Afrika kiradi. Shuningdek, avvalroq 19 ta davlat BRICS guruhiga qo‘shilish niyatini bildirgandi.
LiveBarchasi