Rossiya Bishkekning “Tolibon” borasidagi qarorini to‘g‘ri tushunadi – Peskov 

Olam

image

Qirg‘iziston va Afg‘oniston qo‘shni davlatlar, “Tolibon” harakati esa Qobulda amalda kuch hisoblanadi. Shu bois Rossiya Bishkekning “Tolibon”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish qaroriga xayrixoh. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov brifingda ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, Qirg‘iziston geografik jihatdan Afg‘onistonga juda yaqin. Shuning uchun qo‘shnilar uchun mamlakatning amaldagi rasmiylari bilan munosabatlar o‘rnatish juda muhim. Busiz davlatlar o‘rtasida hech qanday aloqa o‘rnatish mumkin emas.

“Biz ishga vaziyatni tushungan holda yondashamiz”, deydi Peskov.

Ma’lumot uchun, bugun, 6 sentyabr kuni Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi mamlakat hududida sudlar tomonidan faoliyati taqiqlangan terrorchi tashkilotlarning ro‘yxatini e’lon qildi. Hujjatda 20 ta tashkilot keltirilgan. Ular orasida “Tolibon” qayd etilmagan. Pervomaysk tuman sudining 2006 yil sentyabrdagi qarori bilan u mamlakatda terrorchilik harakati sifatida tan olingandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotining 24-sammitidan so‘ng jurnalistlarga bergan bayonotida “Tolibon”ni Rossiyaning terrorizmga qarshi kurashdagi ittifoqchisi, deb ta’riflagandi. Putinning bu so‘zlaridan 4 kun oldin uning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov esa “Tolibon” terrorchi emas, balki pushtun diniy urf-odatlarining targ‘ibotchilari ekanini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Tolibon Dmitriy Peskov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made