Rossiya bilan normal munosabatlarni tiklashning imkoni yo‘q – Chexiya TIV
Olam
−
17:45 803 2 daqiqa
Chexiya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan bir paytda u bilan normal munosabatlarni tiklash mumkin emasligini bildirdi. Bu haqda Chexiya Tashqi ishlar vaziri Petr Matsinka ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi orqali xalqaro huquqni buzgan va Yevropa xavfsizligiga jiddiy zarar yetkazgan.
“Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi orqali Yevropa xavfsizligiga jiddiy zarar yetkazdi. Bu tajovuz davom etayotgan bir paytda Rossiya bilan normal munosabatlarni tiklashning imkoni yo‘q”, degan Matsinka.
Vazir Rossiyaning tajovuzi davom etayotgan ekan, unga nisbatan iqtisodiy bosim choralaridan voz kechishning hojati yo‘qligini ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, Chexiya va uning ittifoqchilari Rossiyaga ta’sir ko‘rsatadigan joylarda bunday bosim choralaridan foydalanishda davom etadi.
“Rossiyaning Ukrainadagi urushi Yevropa xavfsizligi uchun asosiy muammolardan biridir. Chexiya harbiy tajovuz xalqaro siyosatning muvaffaqiyatli vositasiga aylanmasligidan manfaatdor”, degan u.
Matsinkaga ko‘ra, urush PR-kampaniyasi emas, balki fojiali haqiqatdir. Shu sababli, u davlatlar urushdagi qo‘llab-quvvatlashini namoyish etishda bir-biri bilan raqobatlashmasligi kerakligini aytgan.
“Mas’uliyatli siyosatning vazifasi imo-ishoralarda raqobatlashish emas, balki xavfsiz va uzoq muddatli tinchlik uchun sharoit yaratish hamda Chexiya xavfsizlik manfaatlarini himoya qilishdir”, degan Chexiya TIV rahbari.
Shuningdek, u Ukrainadagi urush dunyodagi barcha xavfsizlik muammolarini faqat shu mojaro orqali baholashga sabab bo‘lmasligi kerakligini qayd etgan. Vazir boshqa tahdidlar qatorida nazoratsiz ommaviy migratsiya, energetikaga qaramlik va texnologik ortda qolishni sanab o‘tgan.
Matsinkaga ko‘ra, Chexiya hukumatining tashqi siyosati uchta asosiy tamoyil – realizm, o‘zaro manfaat va diversifikatsiyaga asoslanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chexiya Prezidenti Petr Pavel NATOni alyansning sharqiy qanotida Rossiya tomonidan davom etayotgan provokatsiyalarga javoban “qat’iy va, ehtimol, asimmetrik” choralar ko‘rishga chaqirgandi.
Live
Barchasi