Rossiya benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi
Olam
−
18 noyabr 2023
7342Kecha, 17 noyabr kuni Rossiya hukumati benzinni mamlakatdan olib chiqishga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi. Bu haqda "Interfaks" xabar berdi.
Joriy yilning 21 sentyabridan Rossiya ichki bozoridagi narxlarni barqarorlashtirish uchun avtomobil benzini va dizel yonilg‘isini ayrim istisnoli holatlardan tashqari, chetga eksport qilishni cheklagan edi. Faqatgina 6 oktyabrdan hukumat cheklovlarning bir qismini olib tashlab, dizel yoqilg‘isini eksport qilishga ruxsat bergan edi.
RF Energetika vazirligiga ko‘ra, ikki oy ichida ichki bozordagi vaziyat yaxshilangan hamda avtobenzin yetkazib berish va birja savdo kanalida profitsit yaratilgan. Shuningdek, eksport taqiqi tufayli birjadagi ulgurji narxlar pasayib, yoqilg‘i zaxiralari qariyb 2 mln tonnaga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, "Reuters" agentligi Rossiyaning benzin va dizel yonilg‘isi eksportiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilishi mumkinligi haqida xabar bergandi.
Unda hukumat yoqilg‘i ishlab chiqaruvchilarni benzin va dizel eksportiga cheklovlarni olib tashlashga tayyorgarlik ko‘rishini buyurgani keltirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalroq Rossiya tomonidan benzin va dizel yonilg‘isi eksportiga kiritilgan cheklovlar O‘zbekistonga yetkazib berishga ta’sir qilmaganini va davlatlar o‘rtasida hukumatlararo kelishuv tuzilganini bildirgan. Yil boshida O‘zbekistonga benzin importining aksar qismi Rossiya hisobiga to‘g‘ri kelgan.
LiveBarchasi