Rossiya benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni yil oxirigacha uzaytiradi
Olam
−
26 iyul 2213 2 daqiqa
Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak avtomobil benzini eksportiga qo‘yilgan taqiq joriy yilning oxirigacha uzaytirilganini e’lon qildi. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, sohaviy shtab yig‘ilishida qabul qilingan qaror yoqilg‘i ishlab chiqaruvchilarga ham, ishlab chiqarmaydigan kompaniyalarga ham tatbiq etiladi.
“Benzin eksportini taqiqlash bo‘yicha shtabda uni ishlab chiqaruvchilar uchun ham, ishlab chiqarmaydiganlar uchun ham uzaytirish qarorini qabul qildik. Ya’ni, u yil oxirigacha uzaytiriladi”, deydi Novak.
Shu bilan birga, dizel yoqilg‘isiga nisbatan hukumat boshqacha yondashuvga amal qilmoqchi. Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, neftni qayta ishlash zavodlari (NQIZ) ortiqcha yoqilg‘i to‘planib qolishi va qayta ishlash hajmining kamayishi bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelmasligi uchun dizel eksportiga qo‘yilgan taqiq “bozor qayta tiklanishiga qarab” bekor qilinadi. Novak ichki bozor to‘liq to‘yintirilgandan so‘ng dizel yoqilg‘isi eksportini qayta tiklash Rossiya NQIZlari ishlab chiqarish quvvatlarining to‘liq yuklanishini ushlab turish uchun o‘ta muhim bo‘lishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Rossiyada neft mahsulotlari eksportini cheklash to‘g‘risidagi qaror bosqichma-bosqich qabul qilindi. Avvalroq, joriy yil 1 apreldan aviakerosin olib chiqishga, 1 iyundan benzinga taqiq kiritildi, 8 iyuldan esa hukumat cheklovlarni dizel yoqilg‘isi eksportiga ham tatbiq etdi. Bungacha Novak yoqilg‘i bozoridagi vaziyatni “murakkab” deb baholagan. U benzin ishlab chiqarishning vaqtinchalik qisqarishiga dron hujumlari oqibatida bir qator NQIZlarning shikastlanganini sabab qilib ko‘rsatgan. Hukumat qaroriga ko‘ra, dastlab dizel yoqilg‘isi eksportiga qo‘yilgan taqiq 2026 yil 31 iyulgacha amal qilishi kerak edi.
“Reuters” hisob-kitoblariga ko‘ra, neftni qayta ishlash ob’ektlariga berilgan zarbalar oqibatida Rossiya o‘z NQIZlari quvvatining qariyb 40 foizini yo‘qotgan. Iyul oyining ikkinchi haftasida benzin ishlab chiqarish kuniga 75–80 ming tonnagacha kamaygan, vaholanki, yozgi talabning eng yuqori nuqtasida ehtiyoj kuniga 115–120 ming tonnaga yetadi. RBK hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yilning iyun–iyul oylarida yoqilg‘i sotishga to‘liq yoki qisman cheklovlar 80 ta hududda, jumladan, Rossiya hududlari va egallab olingan Ukraina hududlarida joriy etilgan.
Live
Barchasi