Rossiya Belarusni bosib olmoqchimi? So‘z Putinga

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Belarusni Rossiya tomonidan “bosib olish” rejalarini rad etib, buni bema’nilik deb atadi. 

Davlat rahbari kecha, 19 dekabr kuni belaruslik mavqedoshi Aleksandr Lukashenko bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Rossiya hech kimni bosib olishdan manfaatdor emas, bu shunchaki mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi”, dedi. 

“Gap bosib olishda emas, masala ko‘plab boshqa integratsion birlashmalarda bo‘lgani kabi iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirishda. Qolganlarning hammasi yuzaki, bema’nilik, yomon niyatlilarning integratsiya jarayonlarimizni sekinlashtirishga urinishlari. Va ular buni faqat jahon bozorlarida samarali va xavfli raqobatchilarga ega bo‘lmaslik uchun qilishadi”, deb tushuntirdi Putin. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralarda narx-navo masalalari muhokama qilingan, uchrashuv mazmunli bo‘lgan.  

“Ko‘rinib turibdiki, eng oddiy kundalik masala, shu bilan birga, iqtisodiyot uchun juda nozik bo‘lgan masala – bu narxlarni belgilash, energetika sohasida tariflarni belgilash. Aleksandr Grigorevich, bugungi uchrashuv mutlaqo to‘g‘ri, u juda konstruktiv va mazmunli bo‘ldi”, deydi Prezident. 

Shu bilan birga, u Moskva va Minsk iqtisodiy faoliyatning bir qator ishtirokchilarini subsidiyalash bo‘yicha turlicha yondashuvlarga ega ekanligini ta’kidladi.  

“Daraja boshqa, yondashuvlar ham har xil, shuning uchun biz unga chuqur kirib borish va umumiy tamoyillarga kelishib olish muhim. Bojxona va soliqni tartibga solish sohasidagi ishlar ham shu bilan bog‘liq”, deya xulosa qildi Putin.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin kecha, 19 dekabr kuni Minskka bordi. Bu Putinning 2019 yildan buyon Belarusga ilk tashrifi. 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Aleksandr Lukashenko

Baholaganlar

231

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing