Rossiya aybdor! AQSH ochiq osmon shartnomasidan chiqmoqchi
Olam
−
22 may 2020
10660AQSH Ochiq osmon shartnomasidan chiqishga qaror qildi. Amerika Rossiyani kelishuv shartlarini bir necha marta buzishda ayblayapti. Bu haqda Davlat departamenti rahbari Maykl Pompeo ma’lum qildi.
35 davlatni birlashtirib turuvchi bu shartnoma qurol-yarog‘ bo‘lmagan kuzatuv samolyotlari ishtirokchi davlatlar hududidan erkin uchib o‘tishini ta’minlashga qaratilgan.
AKSH Davlat departamenti veb-saytida e’lon qilingan bayonotda Maykl Pompeo Rossiya tomonidan shartnoma shartlarini buzishning ko‘plab misollarini sanab o‘tgan.
Xususan, u Rossiya armiyasi parvozlardan o‘zining yuqori aniqlikka ega qurollarini strategik darajadagi AQSH va Yevropa ob’ektlariga to‘g‘rilashda foydalanganini ta’kidladi.
“Ochiq osmon shartnomasidan harbiy masalalarda ochiqlik va ishonchni mustahkamlash mexanizmi sifatida foydalanish o‘rniga, Rossiya bu shartnomani qo‘rqitish va tahdid qilish vositasiga hamda qurollanishning davomiga aylantirdi”, degan o‘z bayonotida AQSH diplomati.
Bundan tashqari, AQSH Davlat kotibi yana ko‘plab e’tirozlarni bildirib o‘tdi.
Jumladan, Rossiyaning tan olinmagan Abxaziya va Janubiy Osetiya chegarasidan 10 km masofada uchib o‘tishga ruxsat bermasligi. Pompeoning ta’kidlashicha, shu orqali Rossiya o‘zi okkupatsiya qilgan hududlarni mustaqil davlat sifatida ko‘rsatishda davom etmoqchi.
Rossiyaga bo‘layotgan e’tirozlardan yana biri AQSH va ko‘plab davlatlar Ukraina hududi ekanini ta’kidlab kelayotgan Qrimda samolyotlarga yonilg‘i quyish uchun aerodom ajratish talabining bajarilmasligi bo‘lyapti.
Yevropa Ittifoqi davlatlari orasidagi Rossiya anklavi – Kaliningrad uzra parvozlarning cheklanishi. Pompeo bu hududga Rossiyaning asosiy qurollari, xususan, yadroviy qurollar joylashtirilganiga ishonmoqda.
Davlat departamenti rahbari bugun, 22 may kuni AQSH olti oydan keyin shartnomadan chiqishi to‘g‘risida barcha ishtirokchi davlatlarga rasmiy ogohlantirish yuborishini ma’lum qildi. AQSH Rossiya shartnoma shartlarini bajarishga qaytsa, kelishuvda qolishga rozi.
Rossiyaning rasmiy Vashingtonning qaroriga bildirgan munosabatida, barcha ayblovlar rad qilingan. Shuningdek, AQSH bunday qarorga kelgani achinarli ekanini ta’kidlagan.
LiveBarchasi