Rossiya AQSHning Yevropadagi yadro quroliga munosib javob qaytaradi – Peskov
Olam
−
06 aprel 2023
11851Amerika Qo‘shma Shtatlarining Yevropadagi bazalaridagi yadro qurollari Rossiya Federatsiyasini tashvishga solmoqda. Bu haqda Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Vashington tomonidan Yevropadagi bazalarda yadroviy qurollar joylashtirilishi Moskvani xavotirga solmoqdami, degan savolga javob berar ekan, u, Rossiyada bunday xavf bor ekanini va Moskva bunga munosib javob zarbasi qaytarishini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Amerika taktik yadro qurollari hozirda Yevropaning kamida 6 ta yadroviy qudratga ega bo‘lmagan davlatida joylashtirilgan. Ayrim manbalarga ko‘ra, hozirda qurollarning bir qismi Turkiyadan Ruminiyaga ko‘chirilmoqda. Bundan tashqari, Koreyada ham AQSH yadro qurolini joylashtirish bo‘yicha yashirin muzokaralar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Belarusda o‘zining taktik yadroviy qurollarini joylashtirishini aytgan edi. Rossiya rahbari 1 iyulda Belarus hududida taktik yadroviy qurollarni saqlash ombori qurilishini yakunlash rejalashtirilganini ma’lum qildi. 4 aprel kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu “Iskander-M” quroli Belarus Qurolli kuchlariga topshirilganini aytdi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya esa BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Rossiya rasmiylarining bunday qarori “Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risida”gi shartnomaga zid emasligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Moskva Minskka yadro qurolini bermayapti, ular Rossiya nazorati ostida bo‘ladi. Biroq ko‘plab davlatlar Putinning bu qaroridan xavotirga tushgan edi. Xususan, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron o‘zining Xitoyga safari chog‘ida yadroviy davlatlarning o‘z qurolini xorijiy davlatlarga joylashtirishiga qarshi ekanini bildirgan edi.
LiveBarchasi