Rossiya AQSHni Ukrainaga bosim o‘tkazishga chaqirdi
Olam
−
16 iyul 5992 2 daqiqa
Rossiya AQSHni muzokaralarga rozi bo‘lishi uchun Ukrainaga bosim o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda bugun, 16 iyul kuni Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Peskovga ko‘ra, Moskva Ukraina bilan muzokaralarning uchinchi raundining bo‘lishini istamoqda va bu borada AQSH, xususan Prezident Donald Trampning vositachilik sa’y-harakatlariga katta umid bog‘lamoqda.
Peskov, shuningdek, hozirda G‘arb davlatlari tomonidan Ukrainaga qurol yetkazib berish masalasi kun tartibida yuqori o‘rinda turgani haqida ham gapirgan. U bu qurol-yarog‘ savdolarini “biznes” deb atab, avvallari ham yetkazib berishlar bo‘lgani, faqatgina kim to‘laydi, qancha to‘laydi, degan savollar ochiq qolayotganini ta’kidlagan. Masalan, u Fransiya va Chexiya bu xarajatlarni to‘lashni istamayotganini aytgan.
Shuningdek, Peskov Germaniyadan TAURUS raketalarini yetkazish borasida ziddiyatli bayonotlar yangrayotganini bildirgan.
Qolaversa, Peskov Putin bilan Tramp o‘rtasida telefon suhbati yaqin kunlarda rejalashtirilmagani, ammo agar zarurat bo‘lsa, bunday muloqotni juda tez tashkil etish mumkinligini aytgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya va Ukraina 16 may va 2 iyun kunlari Istanbulda ikki bor to‘g‘ridan to‘g‘ri uchrashuv o‘tkazgan, bu muzokaralarda harbiy asirlarni almashish va o‘t ochishni to‘xtatish shartlari bo‘yicha memorandumlar almashilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14 iyul kuni AQSH rahbari Donald Tramp o‘zining Ukrainadagi mojaro bo‘yicha va’da qilingan bayonotini bergandi. U Ukraina armiyasiga qurol yetkazib berishni Yevropa ittifoqchilari hisobidan boshlashini ma’lum qildi va agar 50 kun ichida urush to‘xtatilmasa, Rossiya hamda uning savdo sheriklariga nisbatan 100 foiz boj joriy etishini va’da qildi. Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas esa AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga Ukraina bo‘yicha tinchlik bitimini tuzish uchun bergan 50 kun juda uzoq ekanini aytdi.
Live
Barchasi