Rossiya 1,4 mingga yaqin migrantni deportatsiya qildi

Olam

image

Rossiya politsiyasi turli huquqbuzarliklar sodir etgan va mamlakatda noqonuniy yashayotgan 1400 nafarga yaqin chet el fuqarosini deportatsiya qilishga qaror qildi. Bu haqda Rossiya IIV Moskvadagi Bosh boshqarmasining matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning boshidan beri Rossiyaga turli jinoyatlar, jumladan og‘ir jinoyatlar sodir etib, qidiruvda bo‘lgan 242 nafar, jiddiy kasalliklarga chalingan 430 nafar, Rossiyaga soxta hujjatlar bilan kirib kelgan 100 dan ortiq migrantlar borligi aniqlangan. Oqibatda, 1400 ga yaqin xorijlik fuqarolarga nisbatan mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida buyruq chiqarilib, ushbu toifadagi 450 dan ortiq chet el fuqarosi deportatsiya qilingan.

Shuningdek, Rossiya hukumati o‘tgan davr mobaynida 32 nafar shaxsning Rossiya fuqaroligini bekor qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qilgan.

“Fuqaroligi bekor qilingan shaxslarning asosiy qismi o‘ta og‘ir jinoyatlarni, jumladan odam o‘g‘irlash, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilish, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi va milliy xavfsizlikka zarar yetkazish kabi jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Bundan tashqari, yilning o‘tgan davrida chet elliklarni noqonuniy legallashtirish bo‘yicha 2400 ta va noqonuniy migratsiyani tashkil etish bo‘yicha 170 ta jinoyat holatlari qayd etilib, Rossiya qonunchiligidagi tegishli moddalar bilan sudga yuborilgan.

“Shuningdek, yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga ega bo‘lgan va radikal neoliberal kun tartibini faol olg‘a surayotgan mamlakatlarni tark etgan 344 nafar chet el fuqarosi Rossiya fuqaroligini olishning soddalashtirilgan tartibidan foydalangan”, deya ta’kidlangan boshqarma xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskva shahrining Naro-Fominskaya ko‘chasidagi hostelda o‘tkazilgan reyd chog‘ida 300 dan ortiq migrant qo‘lga olinib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga olib borilgan va ularning Rossiyada qonuniy yashab, ishlayotgani tekshirilgan edi.

Bunyod Keldiboyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya migrant deportatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing