Rossiyada yana reyd. 300 dan ortiq migrant qo‘lga olindi
Olam
−
02 Sentabr 6536 2 daqiqa
Moskva shahrining Naro-Fominskaya ko‘chasidagi hostelda o‘tkazilgan reyd chog‘ida 300 dan ortiq migrant qo‘lga olindi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushlanganlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga olib borilib, ularning Rossiyada qonuniy yashayotgani va mehnat qilayotgani tekshirilgan.
“Huquq-tartibot idoralari, shuningdek, ularning Moskva viloyatidagi turli huquqbuzarliklarga aloqadorligini ham tekshiradi”, deyiladi xabarda.
Tergov qo‘mitasi bu tadbirlarni noqonuniy migratsiyani tashkil etishga oid dastlabki tekshiruv doirasida o‘tkazilayotganini da’vo qilgan, ammo Rossiya OAVlari bu ushla-ushlalar sobiq jinoyat ishi bo‘yicha amalga oshirilayotganini yozadi. Tekshiruvlar aholining murojaatlaridan keyin boshlangan. Jamoatchilik vakillari ilgariroq Tergov qo‘mitasi raisiga murojaat qilib, Moskva viloyatida futbolchi o‘limiga sabab bo‘lgan mojaro bo‘yicha migrantlar tekshirilishi kerakligini so‘ragan.
Jinoyat joriy yilning 17 avgust kuni Shelkovo shahrida sodir bo‘lgan. Unda bir guruh migrantlar 20 yoshli havaskor futbolchi Arseniy Yeroshevichni kaltaklagan edi. U og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan, biroq keyinchalik vafot etgan.
Hozirda Solnsevo tumanlararo tergov bo‘limi mazkur hostel faoliyati yuzasidan qo‘shimcha tekshiruv olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Moskvada profilaktik tadbir doirasida qariyb 300 nafar noqonuniy migrant qo‘lga olingandi. Qolaversa, iyul oyida Sankt-Peterburgning Admiralteyskiy tumanidagi sobiq “Qizil uchburchak” zavodi hududida ham reyd o‘tkazilib, xorijlik ishchilarning hujjatlari tekshirilgan. Umumiy hisobda 200 migrant tekshiruvdan o‘tkazilib, ulardan 15 nafari qo‘lga olingan va politsiyaga topshirilgan. Ularni mamlakatdan chiqarib yuborish rejalashtirilmoqda.
Joriy yilning mart oyida esa Sankt-Peterburg iqtisodiy politsiyasi shahardagi “qorabozor”larda o‘tkazgan reyd chog‘ida 150 nafardan ortiq kurer-migrantni aniqlagan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, ularning qariyb uchdan biri migratsiya qonunlarini buzgan holda ishlagan.