“Rosselxoznadzor” O‘zbekistonning beshta eksportchisiga taqiq qo‘ydi
Olam
−
21 iyul 5925 1 daqiqa
“Rosselxoznadzor” 2026 yil 23 iyuldan boshlab O‘zbekistonning beshta eksportyoridan Rossiyaga karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishni cheklaydi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
“Fitosanitariya talablarini eng ko‘p buzgan O‘zbekistonning 5 ta eksportyoridan keladigan karantin ostidagi mahsulotlarning Rossiyaga olib kirilishi 2026 yil 23 iyuldan cheklanadi. Ulardan kelayotgan tovarlarning asosiy qismini karam va gulkaram, piyoz, shivit, petrushka, uzum, lavlagi, pomidor va boshqalar tashkil etadi”, deyiladi xabarda.
Idoraning aniqlik kiritishicha, qaror O‘zbekistondan Rossiyaga karantin ostidagi mahsulotlarni yetkazib berishda karantin ob’ektlarining aniqlanishi holatlari ko‘paygani, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, Rossiya hududining fitosanitar farovonligini saqlash, karantin ob’ektlarining olib kirilishi va tarqalishining oldini olish maqsadida qabul qilingan.
Bildirilishicha, birgina 2026 yil boshidan buyon pomidor mevalarining jigarrang ajin virusi (Tomato brown rugose fruit virus), Janubiy Amerika pomidor kuyasi (Tuta Absoluta (Meyrick), g‘arbiy (Kaliforniya) gul tripsi (Frankliniella occidentalis Pergande), lavlagi tomirlarining nekrotik sarg‘ayishi benivirusi (Beet necrotic yellow vein depression virus) kabi 132 ta karantin ob’ektlari aniqlangan.
“Rossiya va xalqaro fitosanitariya talablarining muntazam buzilishi O‘zbekistonning Rossiya bozoriga yetkazib berilayotgan karantin ostidagi mahsulotlar xavfsizligini ta’minlash tizimi yetarlicha samarali emasligini tasdiqlaydi”, deyiladi “Rosselxoznadzor” xabarida.
Idora O‘zbekistonning aynan qaysi kompaniyalariga nisbatan cheklovlar kiritilganini ochiqlamagan.
Live
Barchasi