Ronaldu Trampga “maxsus xabar” bilan formasini sovg‘a qildi (video)
Sport
−
17 iyun
17074Portugaliyalik futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu AQSH Prezidenti Donald Trampga imzosi tushirilgan futbol formasini sovg‘a qildi. Bu haqda Oq uy xabar berdi.
Qayd etilishicha, futbolkani Yevropa Kengashi prezidenti, portugaliyalik Antoniu Koshta kecha, 16 iyun kuni G7 sammiti o‘tayotgan Kananaskis shaharchasida (Kanada) Trampga topshirgan.
“Prezident Donald J. Trampga – Tinchlik uchun o‘ynaymiz”, deb yozgan Ronaldu futbolkaga.
Antoniu Koshta ham tarmoqda futbolkaning hamda uni Trampga topshirayotgani aks etgan suratlarni e’lon qilib, unda yozilgan xabarni ham yaqin planda ko‘rsatgan.
“Prezident Trampga. Tinchlik uchun o‘ynaymiz. Jamoa sifatida”, deb izoh qoldirgan Koshta.
Trampning matbuot kotibi yordamchisi Margo Martin ushbu sovg‘a topshirilgan lahzani videoga olib, tarmoqlarda bo‘lishgan. Videoda Antoniu Koshta Trampga futbolkada “maxsus xabar” borligini aytadi. Xabarni o‘qib eshittirgach, Tramp shunday deydi: “Oh, bu menga yoqdi. Tinchlik uchun o‘ynaymiz. Zo‘r!”
Ma’lumot uchun, 40 yoshli Ronaldu 2023 yildan buyon “Al-Nasr” sharafini himoya qilmoqda. Joriy mavsumda u 41 o‘yinda maydonga tushib, 35 ta gol va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Amerikaning Nyuark shahrida o‘tkazilgan UFC 302 turnirining markaziy jangidan so‘ng rossiyalik sobiq UFC jangchisi Habib Nurmuhammedov Donald Tramp bilan uchrashib, unga Falastindagi urushni to‘xtata olishida ishonch bildirgandi. Tramp esa Nurmuhammedovni tarixdagi eng yaxshi jangchilardan biri ekanini aytib, urushni to‘xtatishga va’da bergandi.
LiveBarchasi
16 iyul