Ronaldu “Neftchi” ustidan qozonilgan g‘alaba haqida fikr bildirdi

Sport

−

image

Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Elit Osiyo Chempionlar ligasi doirasidagi “Neftchi” ustidan qozonilgan 3:1 hisobidagi g‘alabani muhim deb aytdi. Bu haqda futbolchi Instagram sahifasida yozib qoldirdi.

“Bugun kechqurun muhim g‘alaba. Biz rivojlanishda davom etamiz”, deb yozdi Ronaldu.

Uchrashuvda portugaliyalik futbolchi o‘yinning 42-daqiqada gol urdi. Bu uning professional faoliyatidagi 981-goli bo‘ldi. Bahsda hisobni 33-daqiqada Anjelo Gabriel ochdi. Ikkinchi bo‘lim boshida, 51-daqiqada, Alisher Odilovning kiritgan goli “Neftchi”ga oradagi farqni bitta golga qisqartirishni ta’minladi. Biroq 65-daqiqada Ikrom Aliboyev to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Shundan so‘ng 78-daqiqada Anvarjon G‘ofurovning o‘z darvozasiga kiritgan to‘pi “Al-Nasr”ning 3:1 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.

Ushbu g‘alabadan so‘ng “Al-Nasr” musobaqadagi dastlabki uch ochkosini qo‘lga kiritib, G‘arbiy mintaqaning turnir jadvalida sakkizinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Ronaldu jamoasi Osiyo Chempionlar ligasidagi keyingi uchrashuvini joriy yilning 26 oktyabr kuni o‘z maydonida Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Vasl” klubiga qarshi o‘tkazadi. Farg‘onaliklar esa shu kuni o‘z maydonida Saudiyaning yana bir jamoasi “Al-Ittihad”ni qabul qiladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing