Roberto Karlos yurak operatsiyasini o‘tkazdi
Sport
−
05 yanvar 1949 1 daqiqa
“Real Madrid” va “Inter” klublarining sobiq himoyachisi Roberto Karlos Braziliyada yurak operatsiyasini o‘tkazdi. Bu haqda “Agencia Nova” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 2025 yilning 31 dekabr kuni shifokorlar tekshiruv paytida braziliyalik futbolchining oyog‘ida qon quyqasini aniqlagan. Butun tananing MRT tekshiruvi uning yuragi yaxshi ishlamayotganini ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, Roberto Karlos jarrohlik amaliyoti uchun shifoxonaga yotqizilgan. Operatsiya uch soat davom etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sobiq futbolchi operatsiyadan so‘ng uyiga qaytgan va bir necha kundan keyin tekshiruv uchun klinikaga qaytadi. 52 yoshli Karlos ijtimoiy tarmoqlarda operatsiyani amalga oshirgan shifokorlar bilan tushgan suratini ham joylashtirib, “Barcha tibbiyot xodimlariga e’tibor va g‘amxo‘rliklari uchun minnatdorchilik bildiraman”, deya izoh qoldirgan.
Ma’lumot uchun, Roberto Karlos 1996-2007 yillar davomida “Real Madrid” safida to‘p surgan. Madrid klubi bilan u to‘rt marta Ispaniya chempioni bo‘lgan hamda uch marta Chempionlar ligasi kubogini qo‘lga kiritgan. Shuningdek, Roberto Karlos Braziliya terma jamoasi tarkibida 2002 yilgi Jahon chempionatida g‘alaba qozongan.
Live
Barchasi