Ronaldo va Roberto Karlos Braziliya klubini sotib olmoqda

Sport

image

Braziliya terma jamoasining afsonaviy futbolchilari, jahon chempionlari Ronaldo va Roberto Karlos Braziliyaning uchinchi divizionida ishtirok etuvchi “Internasonal Limeyra” futbol klubini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda “Marca” nashri xabar berdi.

“Ronaldo va men hozirda Enriko hamda yana ikki nafar hamkorimiz bilan birgalikda “Internasonal Limeyra” klubini sotib olmoqdamiz. Men viloyat klublarini yaqindan o‘rganish, ularga homiylar topish va mintaqaviy futbolni bizning davrimizdagi darajaga olib chiqishni maqsad qilganman”, deydi Roberto Karlos.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ronaldo va Roberto Karlos Braziliyada mintaqaviy futbolni rivojlantirish, milliy terma jamoa uchun iqtidorli futbolchilarni tayyorlash hamda mahalliy klublarni qayta tashkil etish jarayoniga ko‘maklashishni rejalashtirmoqda.

Ronaldo avval ham klubga egalik qilgan. U 2018 yilda u Ispaniyaning “Real Valyadolid” klubining 51 foiz aksiyasini taxminan 30 million yevroga sotib olgan va 2025 yilda uni Amerikaning Ignite investitsiya jamg‘armasiga 50 million yevroga sotgan.

Uning ikkinchi yirik loyihasi “Kruzeyro” bo‘lgan. Ronaldo 2021 yilda klub aksiyalarining 90 foizini taxminan 70 million dollarga sotib olib, jamoani moliyaviy inqirozdan chiqarishga hissa qo‘shgan. 2024 yilda esa o‘z ulushini tadbirkor Pedro Lourensga 117 million dollarga sotgan.

Ma’lumot uchun, 53 yoshli Roberto Karlos faoliyati davomida “Real Madrid” safida uch marta Chempionlar ligasi va to‘rt marta Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritgan. Braziliya terma jamoasi bilan u 2002 yilgi Jahon chempionati g‘olibi, 1998 yilgi mundial kumush medali sohibiga aylangan. Shuningdek, u 1996 yilgi Olimpiya o‘yinlarida bronza medalini qo‘lga kiritgan hamda 1997 yilgi Konfederatsiyalar kubogi va 1997 hamda 1999 yilgi Kopa Amerika musobaqalari g‘olibi bo‘lgan.

49 yoshli Ronaldo esa 1994 va 2002 yillarda jahon chempioni, 1998 yilgi Jahon chempionatining kumush medali sohibidir. U ikki karra Kopa Amerika va 1997 yilgi Konfederatsiyalar kubogi g‘olibi hisoblanadi. Faoliyati davomida “Kruzeyro”, PSV, “Barselona”, “Inter”, “Real Madrid”, “Milan” va “Korintians” klublari sharafini himoya qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing